Breaking News

Amerikada ta'lim sohasida firibgarlik qilgan qalloblar tarmog'i fosh etildi


Uilyam Singer, soxta jamg'arma asoschisi va boshqaruvchisi

AQShda badavlat amerikaliklarning farzandlariga nufuzli oliy o’quv yurtlarga kirishga noqonuniy yo’llar bilan yordam bergan qalloblar tarmog’i fosh etildi. 50 kishidan iborat guruh soxta jamg’arma ochib, katta miqdorda poralar bergan, jumladan universitetlar sport murabbiylari va ma’murlariga.

Tarmoqqa Uilyam Singer degan odam bosh bo’lgan. Bostondagi federal sud uni qalloblik, pul yuvish, adliya ishiga to’sqinlik qilish kabi jinoyatlarda ayblamoqda.

“50 ta odamga ayblov qo’yildi. Ular kollejlarga kirish imtihonlari va testlaridan o’tishda firibgarlik qilgan, mijozlarining nufuzli o’quv yurtlariga kirishini ta’minlash uchun o’sha kollej va universitetda ishlovchi sport murabbiylariga pora bergan”, - deydi prokuror Endryu Lelling.

Xususan Konnektikut shtatidagi Yel, Vashingtondagi Jorjtaun universitetlarida ishlovchi to’qqizta murabbiyga pora evaziga ayrim arizachilar jismoniy ko’rsatkichlarini soxtalashtirish aybi qo’yildi.

Shuningdek, 33 ta ota-ona farzandlarini nufuzli kollejlarga kiritish uchun pora berishga, farzandlarining akademik va jismoniy tayyorgarligini soxtalashtirishga rozi bo’lgani uchun jazoga tortilishi kutilmoqda. Bunday ota-onalar orasida Gollivud aktrisasi Felisiti Xaffman va ommabop televizion novella ishtirokchisi Lori Laflin ham bor.

Prokuror Lellingning aytishicha, bunday ota-onalar orasida xususiy va jamoatchilik kompaniyalari rahbarlari, muvaffaqiyatli sarmoyadorlar, ko’chmas mulk mutaxassislari, taniqli dizayner va yirik yuridik shirkat raisi ham bor. Ular Singer bilan til biriktirib, farzandlariga kirish imtihonlaridan firib yo’li bilan o’tishga yordam bergan, deydi u.

Singer turli mijozlardan 100 mingdan 6,5 million dollargacha pora olgan. 2011-2018-yillar oralig’ida jami 25 million dollar jamlagan.

Tergov bilan shug’ullangan Federal qidiruv byurosi maxsus agenti Jo Bonavolontaning aytishicha, tergovchilar boshqa bir ish ustida ishlayotib, ushbu firibgarlikka duch kelib qolgan va o’tgan yil may oyida tergov boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG