Breaking News

AQShda qonunchilar ishsizlik bo'yicha nafaqa miqdori xususida kelisha olmayapti


Amerikaliklar qonunchilardan yordam dasturini tezlashtirishni so'ramoqda
Amerikaliklar qonunchilardan yordam dasturini tezlashtirishni so'ramoqda

AQShda koronavirusning oxiri ko’rinmas ekan, aholining 11 foizdan ziyodi ishsiz. Ishsizlik bo’yicha 600 dollar miqdoridagi haftalik nafaqa o’tgan hafta tugagan. Demokrat qonunchilar uni yil oxirigacha uzaytirmoqchi, ammo respublikachilar bilan kelisha olmayapti.

“Biz haftasiga 600 dollar deyapmiz, respublikachilar esa 200 ga tushirmoqchi. Ammo bu ishchilar ehtiyojlarini qoplashga yetmaydi. Bu xalq ustidan ochiqchasiga kulish”, - dedi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.

Respublikachi qonunchilar nazarida, 600 dollarlik nafaqa odamlarni ishsiz o’tirishga rag’batlantiradi.

“Ayrim hollarda kimgadir ko’proq, kimgadir kamroq to’langan. Nafaqani uzaytirish kerak, ammo bu ishni kelishib qilish lozim”, - dedi Moliya vaziri Stiven Mnuchin.

Respublikachilar 1 trillion dollarlik yordam dasturini taklif etmoqda, demokratlar esa yil boshida qabul qilingan 3 trillion dollarlik dasturni davom ettirishga chaqirmoqda.

“Muvozanat kerak. Ishchilarni, iqtisodiyotni qo’llab-quvvatlash lozim albatta. Axir bu yovuz kasallikni deb ko’plar o’zi istamagan holda ishsiz qoldi. Ammo shu bilan birga, ehtiyot bo’lish kerak, aks holda kelajak avlodlarga o’ta katta qarz qoldiramiz”, - dedi vazir.

Iqtisodiy yordam dasturi bo’yicha muzokaralar davom etarkan, qonunchilar koronavirusga qarshi kurashni jadallashtirishga chaqirmoqda.

“Muzokaralarimizda pandemiya oqibatlariga qarshi kurash yo’llarini muhokama qilyapmiz, ammo eng muhim ish - virusni yengish va bu biz borada hali o’zaro kelishganimiz yo’q”, - dedi spiker Pelosi.

Ayrim shtatlarda koronavirus bilan kasallanish holatlari rekord darajaga chiqar, ijaraga yashayotgan amerikaliklar keyingi oy ijarasini qanday to’lashni bilmay o’tirar ekan, hamma Vashingtondagi qonunchilar va hukumatdan najot kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG