Breaking News

Kongress: Rossiyada huquq buzilishiga oid yangi qonun muhokamada


Qonun adolatsizlik qurboni sifatida ko'riladigan rossiyalik huquqshunos Sergey Magnitskiy xotirasiga bag'ishlanadi.
Suratda Sergey Magnitskiyning dafn marosimi aks etgan. 2009-yil, 20-noyabr.
Qonun adolatsizlik qurboni sifatida ko'riladigan rossiyalik huquqshunos Sergey Magnitskiy xotirasiga bag'ishlanadi. Suratda Sergey Magnitskiyning dafn marosimi aks etgan. 2009-yil, 20-noyabr.

Sovuq urush tugaganiga 20 yildan oshganiga qaramay, AQSh va Rossiya do’st davlatlar darajasiga hali chiqmagan. Munosabatlarning past-balandi ko’p. Xususan, so’nggi paytda Bosh vazir Vladimir Putin AQShni Rossiyadagi namoyishchilarni qo’llab-quvvatlayotganlikda aybladi. AQShda prezidentlikka respublikachi da’vogar Mitt Romni esa Rossiyani Vashingtonning “birinchi raqamli global raqibi” deb atadi. Ikki davlat o’rtasidagi tarixiy sovuq munosabatlarning hanuz davom etayotgani sababi nimada?

Rossiya 20 yillik muzokaralardan so’ng nihoyat Jahon savdo tashkilotiga qo’shiladigan bo’ldi. Ammo bundan Rossiyada ishlovchi Amerika kompaniyalari hech qanday naf ko’rmasligi mumkin. Chunki qariyb 40 yil muqaddam Sovet Ittifoqiga qarshi qabul qilingan qonun hanuz o’z kuchida qolayotgani tufayli ikki mamlakat o’rtasida ochiq savdo aloqalari mavjud emas. 1974-yilda qabul qilingan “Jekson-Vanik” qonuni Sovet Ittifoqining yahudiylar emigratsiyasiga qarshi olib borgan siyosatiga javob o’laroq qabul qilingan edi.

Bugun Sovet Ittifoqi mavjud emas. Isroil va Rossiya o’rtasida sayohatchilar uchun vizasiz rejim yo’lga qo’yilgan. Lekin “Jekson-Vanik” qonuni hanuz amalda. Bunga javoban Rossiya Amerikadan kelayotgan mahsulotlarga boj solig’ini oshirishda davom etmoqda.

AQShning Rossiyadagi elchisi Maykl Makfol qonunning o’zaro aloqalarga salbiy ta’siri haqida gapiradi.

“Rossiya Jahon savdo tashkilotiga qo’shilyapti. Agar “Jekson-Vanik” hanuz qonun kitoblaridan tushmasa, Rossiyada biznes qilayotgan Yevropa, Xitoy va Braziliya kompaniyalari oldida bizning kompaniyalarimiz teng imkoniyatlarga ega bo’lmaydi”, deydi u.

AQSh Kongressi “Jekson-Vanik”ni bekor qilib, o’rniga Rossiyada inson huquqlari poymol etilishini qoralovchi yangi qonun qabul qilmoqchi. Bu esa o’zaro aloqalarni yanada taranglashtirmoqda.

“Sergey Magnitskiy” nomidagi qonun loyihasi qabul qilinsa, inson huquqlarini buzayotgan xorijiy davlat rasmiylarining AQShdagi bank hisoblari muzlatilib, ular Amerikaga kira olmaydi.

Sergey Magnitskiy
Sergey Magnitskiy
Kreml bu qonun Rossiyaga qarshi qaratilganini aytadi. Magnitskiy Moskvadagi Ermitaj Kapital sarmoya firmasida huquqshunos bo’lib ishlagan. 2009-yilda 230 million dollarlik soliqni to’lashdan bo’yin tovlagan rasmiylarni fosh etgani uchun Moskvadagi qamoqxonalardan birida politsiya qiynoqlari ostida vafot etgan.

Magnitskiy amerikalik sarmoyador Bill Brauder qo’lida ishlagan. Brauderning aytishicha, Magnitskiy hibsxonada tibbiy muolajaga muhtoj bo’lishiga qaramay, 11 oy davomida unga yordam ko’rsatilmagan. 2009-yilning noyabrida politsiyachilar uni qamoqxona karavotiga bog’lab, o’lgunicha do’pposlashgan, deydi sarmoyador.

Moskvadagi Siyosiy fanlar instituti direktori Sergey Markovning aytishicha, huquqshunos Amerikaga aloqador bo’lgani uchun bu ish shov-shuvga aylangan.

“Rossiya qamoqxonalarida har yili yuzlab odam qiynoqlardan nobud bo’ladi. Lekin Magnitskiydan boshqa hech kim haqida tekshirishmaydi. Nega? Chunki uning Brauder bilan aloqasi bo’lgan”.

Rossiyaning o’zida ham Magnitskiy ishi ancha ovoza bo’ldi. Internetda o’tkazilgan bir tadqiqotga ko’ra, rus matbuotida Magnitskiy ishi haqida 19 mingta maqola chop etilgan.

Londonda joylashgan Genri Jekson jamiyati vakili Maykl Vaysning aytishicha, Magnitskiy aslida rejimga qarshi odam emas edi.

“Diqqatga sazovor joyi shundaki, bu yigit rejimning siyosiy muxolifi emas edi. U o‘z ishini qilayotgan oddiy huquqshunos edi. Ehtimol, u mamlakatdagi korrupsiyani fosh etgani uchun davlatdan rag’bat olaman deb kutgan bo’lsa kerak. Lekin korrupsiyada uning o’zini ayblashdi. Rossiyadagi har bir odam Sergey Magnitskiy bo’lishi mumkin. Shuning uchun uning ishi ahamiyatli”, deydi u.

Do'stlari va oila a'zolari Sergey Magnitskiyni so'nggi yo'lga kuzatishmoqda. 2009-yil, 20-noyabr.
Do'stlari va oila a'zolari Sergey Magnitskiyni so'nggi yo'lga kuzatishmoqda. 2009-yil, 20-noyabr.
Moskvada o’tgan namoyishlarda muxolifat yetakchilari AQSh Kongressini “Jekson-Vanik” qonunini bekor qilib, o’rniga Magnitskiy qonunini qabul qilishga chaqirdi.

O’tgan yili AQSh Davlat departamenti Magnitskiy ishiga aloqador bir necha rossiyalik rasmiylarni AQShga kirish huquqidan mahrum qildi. Yevropa parlamenti, Kanada, Shvetsiya va Niderlandiya ham shunday yo’l tutib, Magnitskiy ishiga aloqador 60 rasmiyning mamlakatga kirishini taqiqladi.

Rossiya hukumati bunday harakatlarga qarshi. Rasmiylarning aytishicha, AQSh ayblayotgan shaxslar ustidan sudning biror ayblov qarori chiqqani yo’q.

Hukmron “Birlashgan Rossiya” partiyasidan parlamentga saylangan Markov nazarida, AQShning Magnitskiy ishi bo’yicha olg’a surayotgan ayblovlari asossiz.

“Rossiya Sovet Ittifoqiga qaraganda ancha liberal va demokrat davlat. Lekin AQSh Kongressi va Senatidagi Rossiyaga qarshi yangrayotgan tanqidiy ovozlar Sovet Ittifoqi davridagidan ko’ra kuchliroq. Bu oddiy mantiqqa zid hol. Bunday mantiqsizlikning sababi esa ma’lum: ruslarni yomonotliq qilish”, deydi u.

Demokratik Rossiya qo’mitasi boshqaruvchisi Nataliya Pelevina yaqinda Rossiya Ichki ishlar vazirligi binosi oldida Magnitskiy ishi bo’yicha norozilik namoyishi uyushtirmoqchi bo’ldi. Namoyishga ruxsat berilmadi. Shunga qaramay namoyishga chiqqan ikki kishi hibsga olindi.

“Rossiya matbuoti yana aldayapti. Ularga ko’ra, Magnitskiy qonuni Rossiya aholisiga qarshi qaratilgan. Rossiyaliklar bunday deb o’ylamaydi. Magnitskiy qonuni faqat korrupsiyalashgan rasmiylarga qarshi qaratilganini ular yaxshi bilishadi”, deydi Pelevina.

AQSh hukumatining bunday harakatlariga qarshi Rossiya ham choralar ko’ryapti. Prokuratura Sergey Magnitskiyni soliq to’lashdan bo’yin tovlaganlikda ayblamoqda.

Magnitskiy bugun hayot emas. Uning qilmishlari uchun sud kursisida onasi so’roqqa tutiladi. Navbatdagi sud yig’ilishi 3-aprelga belgilangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG