Breaking News

Amerikada byudjet, soliqlar talash. Sarmoyachilar kafolat so’ramoqda


Amerikada byudjet, soliqlar talash. Sarmoyachilar kafolat so’ramoqda
Amerikada byudjet, soliqlar talash. Sarmoyachilar kafolat so’ramoqda

Oq uy va qonunchilar tez orada bir to’xtamga kelmasa, Qo’shma Shtatlar tarixda ilk bor moliyaviy majburiyatlarini buzgan bo’ladi.

Kongress oldida ikki muhim masala turibdi: byudjet kamomadini kamaytirish va xorijdan qarz olish. Oq uyda har kuni kengash, ammo natijadan darak yo’q.

Vashingtondagi siyosiy kelishmovchilik nafaqat Amerika iqtisodiyoti, balki global moliya bozoriga ham kuchli zarba berishi tayin.

Kongressdagi respublikachilar qarz miqdoriga qo’yilgan cheklovni ko’tarishdan bosh tortayapti. Oxirgi muhlat – 2-avgust. Qaror o’shangacha ovozdan o’tmasa AQShga “so’zida turmaydigan davlat” degan tamg’a bosiladi.

“Ta’siridan hech kim chetda qolmaydi”, deydi tahlilchi Greg Makbrayd.

“Jahon moliya bozori, Amerikadagi pension jamg’armalar, oilalar farzandini o’qitish uchun ochib qo’ygan fondlar. Muhimi, kapital oqimi keskin kamayadi”.

Falokatning oldini olish uchun Oq uyda har kuni muzokara, lekin hech bir tomon yon bergisi yo’q. Bunga asosiy sabab – soliqlar. Vaziyat keskinlashar ekan, prezident Barak Obama so’nggi majlisni asabiylanib erta tark etgan.

Obama boshliq demokratlar sarf-xarajatni 4 trillion dollargacha kesishga rozi. Shart shuki, badavlat amerikaliklar ko’proq soliq to’lasin. Muxolifatchi respublikachilar esa “soliq” so’zini eshitsa tutaqib ketadigan bo’lib qolgan.

Obama biladiki, iqtisod yaxshilanmasa, uning yana bir muhlatga saylanishi qiyin. Shu bois 2008 yilda unga ergashgan mustaqil saylovchilarga murojaat qilayapti.

“Siyosatchilarning fikru-xayoli saylovda, nuqul tor maqsadlarni, bugunni o’ylashga o’rganib qolganmiz. Yurt manfaatini birinchi o’ringa qo’yish vaqti keldi”, - deydi prezident.

Raqib respublikachilar soliqlarni oshirmaslik masalasida o’zini haq deb biladi. Ular nazarida, xalqning xohish-talabi shu, amerikaliklar qarzdan to’ygan.

Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner deydiki, puli va biznesi bor fuqarolar boshqalarni ham ish bilan ta’minlaydi. “Ulardan ko’proq soliq so’rash adolatsizlik. Bunday qonun Palatada ovozdan o’tmaydi”.

Byudjet va soliqlar yuzasidan keskin tortishuvlar Amerikada yangilik emas. So’nggi daqiqada kelishuvga erishilgan hollar ko’p bo’lgan. Tahlilchi Styuart Rozenberg bu safar jiddiy tafovutlar borligini aytadi.

“Respublikachilarning maqsadi soliqlarni daf qilish, hukumatni kichraytirish. Demokratlar sarfiyatni kesishga yo’q demaydi, lekin byudjetga qo’shimcha daromad ham kelib turishi shart degan fikrda. Ikki partiya bu masalada bir-biridan juda yiroq”, - deydi Rozenberg.

AQSh Markaziy bank rahbari Ben Bernankening ogohlantirishicha, qonunchilarning o’jarligi mamlakatni yana bir krizisga yetaklaydi. 2-avgustdan boshlab pensionerlar, askarlar yoki davlat xizmatchilariga to’lovlarni kesishga to’g’ri keladi.

“Omma orasida kayfiyat salbiy. Prezident va boshqa siyosatchilarning epsizligidan g’azabda ular”, - deya qo’shadi tahlilchi.

Butun jahon bo’ylab investorlar demokrat va respublikachilar o’rtasidagi achchiq bahsni kuzatib turibdi.

Amerikaga 1 trillion dollardan ziyod sarmoya kiritgan Xitoy Vashingtonni mas’uliyatli bo’lishga, sarmoyachilar manfaatini himoya qilishga chaqiryapti.

XS
SM
MD
LG