Breaking News

Siyosiy kadrlar Davlat departamentiga yordammi yoki g’ov?


AQShning Belarusdagi elchixonasi

Bayden ma’muriyati AQShning turli mamlakatlardagi elchixonalariga diplomatlarni tayinlash bilan ovora ekan, tahlilchilarga ko’ra, Oq uy mamlakatlar bilan yaxshi tanish mutaxassislar bilan bir qatorda Amerika siyosatini olg’a surishda yordam beradigan mutaxassislarni ham elchixonalarga yo’llashi lozim.

“Shuni ta’kidlash muhimki, deyarli har bir kasbda va, ayniqsa, neyroxirurgiyada havaskorlik muvaffaqiyatga yetaklovchi muhim omil sifatida ko’rilmaydi. Uzoq izlanish, professionalizm, mavzuga berilish muhimdir”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashida Amerika diplomatiyasi kelajagiga bag’ishlangan forumda so’zlagan AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Tomas Pikering.

Pikering tajribali mutaxassis bo’lib, qator muhim diplomatik lavozimlarda ishlagan, hozir nafaqada.

AQShda elchilik lavozimiga ikki turdagi shaxslar tayinlanadi. Birinchi toifaga professional diplomatlar, ikkinchisiga esa prezidentga yaqin bo’lgan, saylov kampaniyasida moliyaviy yoki boshqa turdagi yordam bergan odamlar kiradi.

Davlat kotibining Afrika masalalari bo’yicha sobiq yordamchisi Jendayi Freyzerning aytishicha, siyosiy kadrlar yetakchi professional diplomatlar bilan ba’zan chiqisha olmasa-da, ularning Davlat departamenti missiyasiga yordami tegishi mumkin.

“Davlat departamentiga qadam qo’yayotgan har bir siyosiy elchi begona hududga kirayotganini tushunadi. Ular lavozimini sotib olgan degan tushuncha sabab yelkasida nishon bordek his qiladi o’zini. Bunday fikrlashga chek qo’yish kerak. Professional diplomatlar siyosiy elchilarga quchoq ochsa, ishi yanada yurishadi deb o’ylayman”, - deydi Freyzer.

Sobiq rasmiyning aytishicha, siyosiy elchilar Davlat departamenti manfaatlarini Kongressda professional elchilardan yaxshiroq himoya qilishi mumkin.

“Siyosiy elchi xorijdagi rasmiyga “Amerika prezidentini yaxshi taniyman. Kerak bo’lsa, unga hoziroq qo’ng’iroq qilishim mumkin” deyishi mumkin, garchi bu doim ham to’g’ri bo’lmasa”, - deydi Freyzer.

Tashqi siyosatni yorituvchi jurnalist Robert Kaplanning aytishicha, katta diplomatlar elchixonaning xorijiy mamlakat va mahalliy sharoitlar bilan yaxshi tanish xodimlari bilan maslahatlashishni odat qilishi kerak.

“Vashingtondagi amaldorlar, aksariyat kitoblar, muhokamalar, asosan, diplomatiyaning yuqori qatlamiga urg’u beradi. Lekin ko’p hollarda davlat kotibining yordamchilari, ularning o’rinbosarlari, pudratchilar ularga topshirilgan mamlakatlar haqida chuqurroq bilimga ega bo’ladi. Jurnalist sifatida eng ko’p ma’lumotni ko’p hollarda elchixonaning birinchi va ikkinchi kotiblaridan olardim”, - deydi Kaplan.

Unga ko’ra, rahbarlar tashqi siyosatga doir katta qarorlar qilayotganda quyiroq darajadagi aynan shu odamlarni qo’llab-quvvatlab, ularning fikrini tinglashi kerak, oddiy diplomatlarga Vashingtonga qatnab, poytaxtda o’rnashib qolgan va qabul qilingan umumiy fikrlashga qarshi chiqishiga imkon berish lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG