Breaking News

Markaziy Osiyodagi jarayonlar amerikalik tahlilchilar ko'zi bilan


AQShning Markaziy Osiyodagi ikki sobiq elchisi, Davlat departamentining mintaqaga mas’ul rasmiysi va Markaziy Osiyo bo’yicha ikki yetakchi amerikalik tahlilchi region va, xususan, O’zbekistondagi jarayonlar xususida “Atlantika Kengashi”da o’tgan forumda fikrlarini bayon qildi.

Ekspertlar, asosan, mintaqaviy hamkorlik, korrupsiya, AQSh, Xitoy va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi maqsadlari hamda O’zbekistonda Islom Karimov o’limidan keyingi siyosatga to’xtaldi.

Ularning xulosa qilishicha, sobiq rahbarning vafoti ketidan mintaqaviy muammolarni hal qilish, hamkorlikni kuchaytirishga imkon yaraldi.

“Biz yoki boshqa hech kim buni amalga oshira olmaydi. Jarayon tabiiy, tashabbus va harakatlar mintaqaning o’zidan kelib chiqishi kerak”, - dedi Qozog’iston va Tojikistonda elchilik qilgan Richard Xoglend.

Ekspertlar O’zbekistonning yangi saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqa bo’ylab safarini, qo’shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslarini tilga oldi.

“Qozog’iston va Turkmanistonda jiddiy muzokaralar bo’lgan. Qirg’iziston bilan chegara muammolari muhokama etildi. Hamkorlik qilishga niyat jiddiy”, - dedi Michigan davlat universiteti professori Marta Olkot.

Xoglendning aytishicha, yil boshidan beri O’zbekistonning Qozog’iston bilan savdo ko’lami 30 foizga oshdi.

Qo’shma Shtatlar bu jarayonlarni olqishlaydi va mustaqillikning ilk yillaridan bu davlatlarni regional integratsiyaga da’vat etib keladi, deydi AQSh davlat kotibining Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini o’rinbosari Daniel Rozenblum.

“Qo’shma Shtatlar C5+1 shaklidagi muloqot doirasida mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan qo’shma loyihalarni boshlagan va Kongress bunga mablag’ ajratgan. Bular savdo to’siqlarini bekor qilishga, Markaziy Osiyoda ishlangan mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqishga, terrorizm va zo’ravon ekstremizmga qarshi kurashga, atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan tashabbuslar. Tramp ma’muriyatining mintaqaga doir yangi siyosati yo’q. Bu davlatlar mustaqilligi, suvereniteti, hududiy daxlsizligi, barqarorligi va xavfsizligini qo’llab-quvvatlashdan iborat siyosatimiz davom etadi”, - dedi rasmiy.

25 yilda Markaziy Osiyodagi har bir mamlakat mustaqil rivojlandi, o’z yo’lidan bordi, bugunga kelib bir-biridan keskin farq qiladi. Bu integratsiyaga g’ov bo’lishi mumkinmi degan savol tug’iladi. Ammo Richard Xoglend ham iqtisodiy, ham madaniy, ham diniy tomondan farqli mamlakatlarni o’z ichiga olgan va muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan ASEAN misolini keltirdi.

“Integratsiya vaqt oladi. Sabrli bo’lishimiz kerak. Biror siyosatni boshlab, 2-3 yilda ish bermasa, toqatsizlanmasligimiz lozim. Mintaqa tarixiy evolyutsiyani boshdan kechirmoqda”, - dedi u.

Islom Karimov paytida mamlakatlar o’rtasida aloqalar yaxshi bo’lmas, regional integratsiya uchun siyosiy iroda, ahillik yetishmas edi. Hatto AQSh ham ularni bunga unday olmadi. Biroq hokimiyat Shavkat Mirziyoyevga o’tdiyu, vaziyat yashinday va tubdan o’zgara boshladi.

O’zbekistonda elchilik qilgan Jon Xerbstning aytishicha, mintaqa davlatlari korrupsiyaga qarshi kurashishi zarur, aks holda mamlakatlarga to’g’ridan-to’g’ri xorijiy sarmoyalarni jalb qilish qiyin bo’ladi.

“Korrupsiya jiddiy muammo va hali beri Markaziy Osiyoda yo’q bo’lmaydi. Ammo korrupsiya bo’la turib rivojlangan mamlakatlarga misollar talaygina. O’zbekiston va Qozog’iston korrupsiya darajasini tushira olsa, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy sarmoyalar bu mamlakatlarga kirsa, bundan mintaqa ham foyda ko’radi”, - deydi Xerbst.

Richard Xoglendga ko’ra, korrupsiya har mamlakatda bor va, hatto AQShda ham. Gap uning darajasida. Marta Olkotning aytishicha, mintaqa rahbarlari ham, ahli ham korrupsiya mavjudligidan xabardor, aholi bu illatning tarqalishini istamasa-da, ma’lum darajada unga tabiiy holatdek qaraydi.

Ekspertlar iqtisodiyotlarni diversifikatsiyalashtirish, paxta, neft va gazga tobelikdan qutulish kerakligiga ham urg’u berdi.

“Diversifikatsiya qishloq hududlarda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga, ish o’rinlarini yaratishga yetaklashi, eksportni ko’zlab qilingan bo’lmasligi kerak”, - deydi Marta Olkot.

Umuman olganda, deydi amerikalik tahlilchilar, Markaziy Osiyodagi jarayonlar ijobiy, ammo qanday natija berishi hozircha ma’lum emas.

Forumning to'liq ko'rinishi (ingliz tilida)

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG