Breaking News

Pandemiyada qashshoqlashgan amerikaliklarga xayriya


“Amerikani boqish” nodavlat tashkilotiga ko’ra, AQShda har olti odamdan birida sog’lom va xavfsiz oziq-ovqat olishga imkoniyat yo’q. “Amerika Ovozi” Vashingtondagi bir oziq-ovqat bankida bo’lib, vaziyatni o’rgandi.

Pandemiyada qashshoqlashgan amerikaliklarga xayriya
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00

Pandemiya kunlarida Amerikada ko’p odam ishsiz qolib, tekin yegulik olish uchun oziq-ovqat banklarida uzundan-uzun navbatda turibdi.

“Oldin bu yerga ko’p kelmasdim, ammo 3-4 oydan beri majbur bo’lib qoldim”, - deydi biri.

“Oilam bor. Ish yo’q”, - deydi boshqasi.

“5 yildan beri shu yerga qatnayman”, - deydi yana bir odam.

Virjiniya shtatidagi “Dor-ul-Hijra” islomiy markazi muhtojlarga oziq-ovqat ulashadi. Ba’zilar bu yerga ilk bor kelishi. Boshqalar esa bir necha yildan beri qatnaydi.

Ijtimoiy xizmatchi Nabila Om Salomning aytishicha, markaz halol go’sht taklif etadi; sabzavot, boshqa mahsulotlar ham tarqatiladi.

“Har payshanba 100 ga yaqin oila bilan ishlaymiz. Agar ular rayonimizda ro’yxatga olingan bo’lsa, bizda ham ro’yxatga olinishadi”, - deydi u.

Amerika qudratli davlat bo’lsa-da, ochlikka yuz tutgan odamlar bu mamlakatda ham bor. Ammo koronavirus pandemiyasi muammoni yanada kuchaytirdi, ko’p odamlarning turmushi izdan chiqdi.

“Amerikani boqish” tashkiloti hisobiga ko’ra, pandemiya sabab har olti amerikalikdan biri ochlikka yuz tutishi mumkin. Mamlakat bo’ylab ishsizlikka nafaqaga hamda oziq-ovqat banklarida oziq-ovqatga talab oshmoqda.

“Ba’zilar Amerikada odamlar och yurmaydi deb o’ylaydi. Ammo bundaylar qanchaligini bilsangiz, hayron qolasiz. Odamlar omonatini oziq-ovqatga sarflasinmi yoki ijara haqqini to’lashgami? Ko’p hollarda avval ijara haqqini to’lash kerak”, - deydi islomiy markazda ko’ngilli Janin Ali.

Amerikadagi yirik oziq-ovqat banklari yuzlab xayriya va diniy tashkilotlar bilan hamkorlikda muhtojlarga yordam bermoqda. “Amerikani boqish” tashkilotining mamlakat bo’ylab 200 ga yaqin oziq-ovqat banki bor.

Do’konlar, yirik supermarketlar har yili ularga tonnalab mahsulot xayriya qiladi. Ko’ngillilar esa ularni muhtojlarga tarqatishda yordam beradi.

“Dor-ul-Hijra” markazida imomlik qiluvchi Naim Beg Pokistondan kelganiga 30 yildan oshdi. Uning aytishicha, AQShda kambag’allik tushunchasi farq qilsa-da, muhtojlar birday azob chekadi.

“Pokiston, Hindiston yoki boshqa mamlakatlarda kambag’al odamda hech vaqo bo’lmaydi – oyoq kiyimi yo’q, egnidagi kiyimi juldur bo’ladi. Amerikada esa kambag’allar mashinada keladi. Avtomobil bu mamlakatda hasham hisoblanmaydi”, - deydi imom.

Ko’ngillilarning aytishicha, yordam so’rab kelganlarning ko’pida oliy ma’lumot yo’q, yaxshi ishga kirish uchun ingliz tili bilimi yaxshi emas. Bundaylarning Amerikada hayoti qiyin kechmoqda, biroq pandemiya boy va kambag‘allar o’rtasidagi tafovutni yanada kuchaytirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG