Breaking News

Amerikada oziq-ovqat talonlariga talab oshib bormoqda


Amerikada oziq-ovqat talonlariga talab oshib bormoqda
Amerikada oziq-ovqat talonlariga talab oshib bormoqda

Qashshoqlik – har bir jamiyatga xos muammo. Dunyoning eng boy davlatlarida ham kuni zo’rg’a ko’rayotgan yoki ko’ra olmay tilanchilik qilayotgan, ko’p hollarda xayriya tashkilotlari yordami bilan yashayotgan odamlarni uchratasiz.

Amerikada yaqinda uch dindor o’zini kambag’alga solib, Vashington ko’chalarini kezdi. Bu bilan ular hukumatga nochorlar uchun ko’proq mablag’ ajrating, mavjud dasturlarni bekor qilmang, demoqchi.

Amerikaliklar kuponlarni yaxshi ko'radi, chunki ular mahsulotni arzonlashtiradi
Amerikaliklar kuponlarni yaxshi ko'radi, chunki ular mahsulotni arzonlashtiradi

Yahudiy, musulmon va nasroniy do’konma do’kon yurib, narxlarni ko’zdan kechirmoqda. Arzon mahsulot izlamoqda.

”Bu to’rt dollarmi beshmi? Ikkita olsak, ikki yarim dollardan to’lagan bo’lamizmi?”

Bir kishi ko’pi bilan 31 dollar 50 sent sarflashi mumkin. Bu hukumat kambag’allarga beradigan kunlik yordam puli.

Oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlat sotib olish uchun shunday programma ishlab chiqilgan. Nochorlarga talonlar beriladi. Mablag’ federal hukumat byudjetidan keladi.

Amerikada talonga yashaydigan ko’p.

Odamlarga bepul oziq-ovqat tarqatadigan tashkilotlar ko'p
Odamlarga bepul oziq-ovqat tarqatadigan tashkilotlar ko'p

“48 million! 48 ming emas, 480 ming yoki 4,8 million ham emas. Yurtdoshlarimizning 48 millioni har kuni och qolish xavfi ostida yashaydi”, - deydi ravvin Stiv Gutov.

Din yetakchilari bir hafta davomida oziq-ovqat talonlariga yashab ko’rishga qaror qildi. Ular fikricha boshqa amerikaliklar ham shunday qilishi kerak.

Hukumat kambag’allarga beriladigan yordam miqdorini 2012 yilda qisqartirishi mumkin. Bu esa fojia bo’ladi, deydi bu ulamolar. Bu rejadan qaytish kerak.

Talonlar oladigan amerikaliklar soni 2008 yil, iqtisodiy krizis boshlanganidan beri 60 foizga oshgan.

Amerikaliklarning deyarli 10 foizi ishsiz, bu mamlakat uchun katta raqam
Amerikaliklarning deyarli 10 foizi ishsiz, bu mamlakat uchun katta raqam

Nasroniy faol Kenon Peg Chemberlin o’zi bir vaqtlar talonga yashagan. Ko’plab amerikaliklar og’ir ahvolda, deydi u.

”Biz, Yaratgan aytganidek, rahmdil xalqmizmi yoki ochko’zlar to’dasi?”

To’q jamiyatda hech kim och qolmasligi kerak, badavlat odamlar yo’qsillar bilan bo’lishi kerak, deydi u.

Ravvin Gutov siyosatchilardan norozi. Ularni qashshoqlik masalasiga befarqlikda ayblaydi.

”Ular o’rta tabaqa manfaatlari haqida ko’p gapiradi. Kambag’allar haqida esa eslamaydi ham”.

Har bir dinda och-nahorga yordam qo’lini cho’zish kerak burch hisoblanadi, deya eslatadi bu yetakchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG