Breaking News

AQSh general va admirallari O'zbekistonda


AQSh Mudofaa Universiteti (National Defense University) besh haftalik maxsus dasturi asosida 17 yangi general va admiralni 2-5 oktabr kunlari O'zbekistonga yuborgan.

CAPSTONE deb nomlangan ushbu o'quv programmasi, deya bayon qiladi universitet, yuqori darajali harbiylarni respublika rahbariyati, xavfsizlik kuchlari, amaldagi strategiya, agentliklararo aloqa va boshqa muhim jihatlari bilan tanishtiradi.

Dasturda qatnashayotgan har bir harbiy xizmatda yurgan qo'mondonlar, shuningdek, xorijdagi elchixonalar, diplomatlar va AQSh hamkorlik qilayotgan davlatlarning rahbarlari bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo'ladi.

AQSh Mudofaa Universiteti Pentagon iznidagi ilmiy maskan. Harbiylar tayyorlovchi va ularning malakasini oshiruvchi asosiy dargoh. Bir necha qism, jumladan institut, kollej va tadqiqot markazlaridan iborat.

Vashington-Toshkent aloqalari bugun asosan Afg'onistondagi urush bilan bog'liq. U yerdagi xalqaro koalitsiyaga zarur vositalar O'zbekiston hududidan ham olib o'tiladi. Respublika Shimoliy Ta'minot Tizimining muhim qismi, deydi Pentagon rasmiylari.

Bu hamkorlik evaziga AQSh O'zbekistonga harbiy yordam ko'rsata boshlagan. Inson huquqlari og'ir ahvolda deya bunday ko'mak Kongress tomonidan bir necha yildan beri taqiqlab qo'yilgan edi.

Biroq bu cheklovlarga istisno tariqasida bu yili Pentagon O'zbekistonga ayrim harbiy vositalar uzatgan. Ular jangovar materiallar emas, deydi rasmiylar, asosan aloqa vositalari va maxsus anjomlar.

Amerika O'zbekistonda harbiy baza ochishi mumkin degan taxminlarni diplomatlar qa'tiyan rad etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG