Breaking News

AQSh-Gretsiya aloqalari jonlanmoqda


Gretsiya Bosh vaziri Aleksis Tsipras AQSh Savdo vaziri Vilbur Ross bilan Salonikida uchrashmoqda, 7-sentabr, 2018-yil
Gretsiya Bosh vaziri Aleksis Tsipras AQSh Savdo vaziri Vilbur Ross bilan Salonikida uchrashmoqda, 7-sentabr, 2018-yil

AQSh va Gretsiya aloqalari tez sur’atlarda kuchaymoqda. AQSh Savdo vaziri Vilbur Ross o’tgan hafta Saloniki shahrida bo’lib, xalqaro savdo yarmarkasida qatnashdi. Unga hukumat a’zolari va bir necha kompaniya vakillari hamrohlik qildi.

Xalqaro hayot - 10-sentabr, 2018-yil - AQSh-Gretsiya aloqalari jonlanmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00

Bu yili Gretsiya shimolida o’tgan savdo yarmarkasida Koka-Kola, Google, Maykrosoft, Facebook, Lokxid Martin kabi Amerikaning 50 ta kompaniyasi o’z mahsulotlarini ko’rgazmaga qo’ydi. AQShni yarmarkada sharafli mamlakat sifatida tanishtirishdi. Bu ikki mamlakat aloqalarining iliqlashayotganidan dalolat.

Bundan tashqari, AQSh Qurolli kuchlarining harbiy shtabi rahbari general Jozef Danford Gretsiyada ikki kun bo’lib, ikki tomonlama harbiy aloqalarni kuchaytirish xususida gaplashdi.

Eng yirik moliyaviy inqirozdan o’zini tiklab olayotgan Gretsiyaga AQSh iqtisodiy qiziqish bildirmoqda. Oq uy Afinani muhim strategik hamkor deb biladi.

“Strategik manfaatlarimiz bir-birimizga hamohang. Har ikki mamlakat Turkiya bilan aloqalarda ba’zi qiyinchiliklarga duch kelgan. Yirik mintaqaviy xavfsizlik muammolarimiz ham bir xil – xoh Daish bilan boq’liq bo’lsin, xoh noqonuniy migratsiya bilan”, - deydi AQShning Gretsiyadagi elchisi Jeffri Pyat.

Yil boshida qo’shni Chernogoriya Rossiyani davlat to’ntarishiga harakatda aybladi. Elchi Pyat nazarida, Gretsiya Bolqonda muhimroq rol o’ynashi mumkin. Rossiya va Xitoy mintaqaga katta qiziqish bildirmoqda.

“Geosiyosiy raqobat Yevropa janubi-sharqiga shiddat bilan qaytib keldi. Rossiyaning mintaqadagi roli bizni xavotirga solmoqda. Salonikidagi xalqaro savdo yarmarkasiga Amerikadan bu qadar ko’p ishtirokchilarni jalb qilishdan bir maqsad AQShning mintaqaga qaytganini ko’rsatish edi”, - deydi elchi.

Gretsiyani sakkiz yil oldin urgan moliyaviy inqiroz uni yevrozonadan chiqarib yuborishiga sabab bo’lay dedi. Biroq bugunga kelib mamlakat o’zini tiklab olgan ko’rinadi. Joriy yilda sezilarli iqtisodiy o’sish kuzatilmoqda, bu esa Amerika kompaniyalari uchun yaxshi imkoniyat.

“Bu mamlakat kelajagiga umidimiz bor ekanini ko’rsatmoqchimiz. Gretsiyada 50 yildan beri biznes qilamiz va bundan keyin ham rivojlanishda davom etamiz”, - deydi Koka-Kola vakili Sissi Eliopulu.

Maykrosoft nazarida, innovatsiyalar Gretsiya taraqqiyotiga katta hissa qo’shadi.

“Gretsiya sakkiz yillik inqirozdan o’zini tiklab olmoqda. Biz Gretsiya uchun boshlanayotgan yangi davrning bir qismi bo’lishni istaymiz. Bu Gretsiya yoshlarini mamlakatda ushlab qoladigan sarmoyalar va innovatsiyalar davri bo’ladi”, - deydi Maykrosoft vakili Yevgeniya Bozu.

AQSh kompaniyalari va Oq uy iqtisodiyoti yaxshilanayotgan Gretsiyaga katta umid bog’lamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG