Breaking News

Yangi yil oldidan shirinliklar makonida


Hech bir bayram shirinliksiz o’tmaydi. Yangil yil dasturxonini konfet, pechenye, tort va pirogsiz tasavvur qilish qiyin. Qandolat do’konlari – Amerikada serdaromad bizneslar. G’arbiy Virjiniya shtatida shunday bir noyob maskan borki, unda sotuvchilar shirinliklar sotish bilan birga ularning tarixini ham so’zlab beradi.

Shirinliklar do'konida/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:42 0:00
Yuklab oling

Syuzan Benjamin “Zo’r shirinliklar” nomli do’kon sohibasi. Bu yerda qandolatchilikning faqat tarixiy namunalarini topasiz.

XIX-asrdan beri mashhur bo’lib kelayotgan yalpiz konfetlari, AQSh Fuqarolar urushi davrida askarlar xush ko’rgan “Hard Tack” pechenyelari... Mana bu qip-qizil lab shaklidagi konfetlar esa XX-asr boshida shuhrat qozongan.

Bir necha asr tarixini aks ettiruvchi bu shirinliklar haqida Syuzan Benjamin zavqlanib gapiradi:

“Konfet shakargina emas, ancha murakkab mahsulot. Unda qulchilik ham, industrial inqilob ham, tijorat ham, bozor iqtisodi ham aks etgan. Konfetlar aslida bizning tariximiz”.

“Zo’r shirinliklar” do’koni G’arbiy Virjiniyadagi Xarpers Ferri shahrida joylashgan. 1859-yilda bu yer quldorlarga qarshi Jon Braun yetakchiligidagi isyon, 1862-yilda esa Fuqarolar urushining eng yirik janglaridan biriga guvoh bo’lgan.

Bundan to’rt-besh asr oldin konfetlar faqat shirinlik bo’lib qolmay, salomatlik uchun foydali mahsulot hisoblangan.

“Ular qattiq bo’lgan, yopishmagan. Konfet chaynagan sari tish tozalanishi, jag’ mushaklari mustahkamlanishi va hatto qon tozalanishiga ishongan odamlar,” - deydi Syuzan Benjamin.

XVI-asrga kelib Janubi-sharqiy Osiyoda qamishdan qand olina boshlagan. Birinchi Yevropa, so’ngra Amerikada tarqalganiga qaramay ba’zilar shakarqamishning ishlatilishiga qarshi chiqqan, chunki bu sohada qullar ter to’kkan.

“Quldorlar qanddan katta foyda olgan. Lekin bu sohada barqarorlik bo’lmagan, chunki qulchilikka qarshilar mahsulotni sotib olishdan bosh tortgan. Lavlagi yoki zarang daraxtidan olingan shakar ishlatgan xolos,” - deya hikoya qiladi Benjamin.

Fuqarolar urushi tugab, qulchilik barham topgach, shakar ham, undan tayyorlangan konfetlar ham ommalashgan.

“Qarabsizki, ishchilar bolalari do’konlarga kirib, cho’ntagidan bir-ikki sent chiqargan-da konfet sotib olgan. Bu ularning o’rtahol tabaqaga qo’shilishi bo’lgan”.

Benjamin mahsulotni muzeylarga sotadi. Internet orqali ham savdo yo’lga qo’yilgan. Ko’pgina turdagi shirinliklarni qayta ixtiro etishga to’g’ri keldi. Syuzan ularning retseptini izlab topdi va yangi hayotga qaytardi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG