Breaking News

Qo'shma Shtatlar geroinga mukkasidan ketgan


Amerika bo'ylab geroindek kuchli narkotik modda hamda opioid preparatlar, ya'ni og'riqni qoldiruvchi yoki sezdirmaydigan dorilarga talab bugun o'tgan 60 yildagidan yuqori.

2015-yilda 52 ming amerikalik bu balo qurboni bo'lgan. AQSh Davlat departamentining Xalqaro narkotiklar nazorati bo'yicha idorasi shunday hisobot berdi.

Davlat kotibi muovini Vilyam Braunfild deydiki, geroinga talab oshganda oshgan va mahsulot 100 foiz xorijdan keladi. Og'riqqa qarshi preparatlarning aksariyati ham chet eldan, deydi diplomat. Demak, qoradori ta'minoti, qator qonun va keskin nazoratga qaramay, davom etmoqda.

Geroinning 90-94 foizi Meksikadan, deydi Braunfild. 2-4 foizi esa Kolumbiyadan. Qolgani Osiyo davlatlaridan, xususan Afg'onistondan.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda Amerikada qoradoriga talab bu qadar yuqori bo'lmagan, deydi rasmiy.

Musodara qilingan fentanil tabletkalari
Musodara qilingan fentanil tabletkalari

Fentanil degan narkotik vosita Xitoydan xom holatda olib kelinadi. AQShga Meksika orqali kiradi.

"Fentanl geroinga qaraganda 10-50 chandon kuchli. Uni iste'mol qilib o'lganlar soni ortib bormoqda”, - deydi Braunfild.

Xitoy bugun fentanil va yana 130 yangi sintetik moddaga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlik qilmoqda. Davlat departamentiga ko'ra, birgalikda ko'rilgan choralar samara bermoqda. Minglab insonlarning hayoti saqlab qolinmoqda, deydi Braunfild.

Meksika va Amerika ham yaqindan ishlay boshlagan. Qoradori savdosini xalqaro hamkorliksiz yengib bo'lmaydi. Janubiy qo'shni qoradori tranzitida muhim rol o'ynaydi va uning asosiy manbai, deydi rasmiylar.

Prezident Donald Tramp Meksika bilan chegarada baland devor qurmoqchi va qatnovni keskin cheklamoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG