Breaking News

Diplomati hibsga olingan Hindistonga ko'ra, AQSh bilan aloqalar joyida


Hindistonning Nyu-Yorkdagi konsuli muovini Devyani Xobragade. 19-iyun 2013.
Hindistonning Nyu-Yorkdagi konsuli muovini Devyani Xobragade. 19-iyun 2013.
Hindiston Tashqi ishlar vaziri Salman Xurshid hind diplomatining AQShda hibsga olinishi Dehli va Vashington o’rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko’rsatmasligini ta’kidladi.

Shanba kuni Dehlida jurnalistlar bilan uchrashgan rasmiy bir hodisa ikki davlat orasidagi mustahkam aloqalarni o’zgartirmaydi, dedi va Devyani Xobragade ishini hal etish uchun muzokara kerakligini aytdi.

Xobragade vizani soxtalashtirganlik va Hindistondan olib kelingan uy xizmatkorini ekspluatatsiya qilganlik aybi bilan Nyu-Yorkda 12-dekabr kuni hibsga olingan edi. U pasportini politsiyaga topshirganidan keyin 250 ming dollar pul evaziga shartli ravishda, ya’ni ish ko’rilib chiqqunicha qo’yib yuborildi.

So’ngra ayol hibsxonada kiyimsiz va qo’llari bog’langan ahvolda tintuv qilinganini aytgani Hindistonda noroziliklarga sabab bo’ldi.

Hind hukumati Xobragadeni o’zining BMTdagi vakolatxonasi binosiga ko’chirdi va bu bilan AQSh yurisdiksiyasidan ozod etdi. Ammo AQSh hukumati bunday qadamga munosabat bildirganicha yo’q.

Shanba kuni Hindistonning bir necha shaharida norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi. Namoyishchilar AQSh prezidenti Barak Obama va Ozodlik haykalini ifodalovchi qo’g’irchoqlarni yoqdi. Mumbay shahrida esa AQShga qarashli Domino pitsaxonasi vayron qilindi.

AQSh prokurori Prit Barara politsiya Xobragadega nisbatan AQSh fuqarolari bo’lgan boshqa ayblanuvchilarga qaraganda yaxshiroq munosabatda bo’lgani va hurmat bilan yondashganini ta’kidlamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG