Oq uy Indoneziyada o’tgan oy prezidentlikka saylangan Prabovo Subiantoni saylovdagi g’alaba bilan tabriklamagan bo’lsa-da, yangi ma’muriyat bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Saylov 14-fevralda o’tgani bilan rasmiy natijalar e’lon qilingani yo’q. Ayrim davlat rahbarlari Prabovoga tabrik yo’ladi, ammo Oq uy emas.
“Prezident Bayden yangi ma’muriyat bilan mavjud strategik sheriklik asosida muloqotga va hamkorlikni kuchaytirishga tayyor. Ovozlar hisobini diqqat bilan kuzatyapmiz. Vazir Prabovo katta farq bilan oldinda ekanini tushunamiz. U mudofaa vaziri bo’lgan paytda hamkorligimiz yaxshi bo’lgan. Agar rasman saylansa, munosabatlarni davom ettirishga tayyormiz”, - dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Prabovoni ba’zilar inson huquqlarini anchadan beri poymol qilayotganlikda, jumladan Indoneziyani 32 yil boshqargan qaynotasi Suharto 1988-yilda prezidentlikdan ketishga majbur bo’lganida faollarni o’g’irlab, qiynoqlarga solganlikda ayblab keladi.
“Faoliyatidagi bunday dog’larni hisobga olganda Prabovoning saylanishi nafaqat oldingi hukumat tomonidan sodir etilgan davlat darajasidagi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish harakatlariga pand beradi, balki inson huquqlarini kelajakda himoya qilish harakatlarini zaiflashtiradi ham”, - deydi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Imparsial” tashkilotidan Gufron Mabruri.
Prabovo prezidentlik muddati yakunlangan Joko Vidodoning xayrixohligi sabab saylovda g’alaba qozongani aytiladi. Saylov ketidan Prezident Vidodo mudofaa vaziriga to’rt yulduzlik general faxriy unvonini berdi.
Qizig’i shundaki, Vidodoning o’g’li Gibran Rakabuming Raka Prabovoning saylovda vitse-prezidentlikka sherigi bo’ldi. Bu hol urug’-aymoqchilik haqidagi ayblovlarni yanada kuchaytirdi.
“Inson huquqlari, fuqarolik huquqlari, demokratik institutlarning barcha qadriyatlariga doir xavotirlarimizdan aslo chekinmaymiz va prezidentimiz bu xavotirlarni izhor etishdan qochmaydi”, - deydi Kirbi.
1988-yilda Suhartoning prezidentlikdan ketishi ketidan inson huquqlariga tajovuzda gumon qilingan Prabovoga AQShga kirishga qo’yilgan taqiq 2020-yilgacha amal qildi. Biroq u mudofaa vaziri lavozimida Tramp va Bayden ma’muriyatlarining taklifiga binoan AQShga bir necha bor safar qildi.
AQSh va Xitoy mintaqada o’z ta’sirini o’tkazishga o’zaro raqobat qilarkan, Prabovo Indoneziyaing tashqi aloqalarda qo’shilmaslik siyosatini davom ettirishi kutilmoqda. Bunday yondashuv Jakartaga Xitoydan sarmoya olishga, AQSh bilan esa xavfsizlik bobida hamkorlik qilishga imkon beradi.
“Jokovi ma’muriyati va bo’lajak Prabovo ma’muriyati siyosati o’rtasidagi uzluksizlikni hisobga olsak, eng kamida Vashingtonda yangi ma’muriyat bilan ishlash qulay bo’lishi haqida tasavvur mavjud degan fikrdaman”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Andreyka Natalegava.
Indoneziyada saylov o’tganidan beri bir necha norozilik namoyishi o’tkazildi. Omma saylovga aralashuvdan nolimoqda. Bir necha hafta ichida saylovning rasmiy natijalari e’lon qilinishi bilan Prabovo Subianto yangi prezident sifatida e’lon qilinishi kutilmoqda.