Breaking News

Xorijiy talabalar AQShga kiritilmayotgani haqida ma’lum qilmoqda


Garvard universiteti

Bir hafta oldin AQShdagi universitetlar hukumatga qarshi da’vo yuzasidan qo’li baland kelganiga qaramay, xorijiy talabalar mamlakatga kirishda qiyinchiliklarga yuz tutayotganini ma’lum qilmoqda.

“Oliygohi onlayn ta’lim rejimiga o’tgan F-1 turdagi vizasi bor xorijiy talabalar AQSh chegarasidan qaytarib yuborilayotgani, Amerikaning konsullik xizmatlari studentlarga viza bermayotgani haqidagi gaplar quloqqa chalinmoqda”, deb yozadi immigratsiya masalalari bilan shug’ullanuvchi yurist Greg Siskind “Twitter”dagi sahifasida.

Ichki xavfsizlik vazirligi va Immigratsiya va bojxona xizmati xorijiy talabalar kuzda boshlanayotgan darslar uchun oliygoh hududida bo’lishi, aks holda talabalik vizasini yo’qotishi mumkin deganidan so’ng AQSh shimolida joylashgan ikki nufuzli oliy ta’lim maskani - Garvard universiteti va Massachusets texnologiya instituti o’tgan hafta bu qoidaga e’tiroz bildirib, mazkur vazirliklarni sudga berdi.

Yil boshida COVID-19 pandemiyasi boshlanganida virus tarqalishining oldini olish maqsadida ko’p kollej va universitetlar o’qishni onlayn tartibiga o’tkazdi. Oliygohlarning bildirishicha, talabalardan universitetda bo’lishni talab qilish ularning sog’lig’iga xavf tug’diradi. AQSh oliy o’quv yurtlarida bir milliondan ziyod xorijiy talaba ro’yxatdan o’tgan.

Federal sudya masala yuzasidan qaror chiqaradigan kun AQSh immigratsiya idoralari qoidadan voz kechdi.

Xorijiy talabalardan birining “Twitter”dagi sahifasida ma’lum qilishicha, uning F-1 talabalik vizasi aeroportda tasdiqlangan, boshqa talabada esa uning universitetida darslar sinfda ham bo’lishini isbotlovchi hujjat bo’lmagani uchun viza ololmagani ma’lum bo’ldi. Unga ko’ra, talabalar o’z universitetidan shunday mazmundagi xatni yonida olib yurishi kerak.

Ayrim mamlakatlarda talabalar AQSh konsullik xizmatlarining hanuz ishlamayotganidan xunob.

“Istanbuldagi konsullik F-1 vizalarini ko’rishni qachon davom ettiradi? AQShning Yevropadagi aksar konsullik xizmatlari F-1 vizasiga da’vogar talabalar bilan suhbatlarni jonlantirgan. Mening oliygohimda o’qish 4 haftadan keyin boshlanadi. Yordam bering”, - deya xitob qiladi turkiyalik talabalardan biri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG