Breaking News

Eron: AQSh bilan bosim ostida muzokara qilmaymiz


Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy

Eron hech qachon Qo’shma Shtatlar bilan bosim ostida muzokara qilmaydi, dedi Prezident Hasan Ruhoniy Tehronda o’tgan matbuot anjumanida. Uning aytishicha, Islomiy respublika bir kun kelib dushmanini muzokara stoliga o’tirishga majbur qiladi.

“Hech qachon Amerikaning bosimiga bosh egmaymiz va zaif pozitsiyadan muzokara olib bormaymiz”, - deydi Ruhoniy.

Tramp ma’muriyati Eronga qarshi kuchli sanksiyalarni qayta tiklagan. AQSh 2018-yilda Eron va bir necha davlat erishgan xalqaro kelishuvdan ham chiqdi.

Tehron yadro programmasini vaqtincha cheklash evaziga ayrim sanksiyalardan qutulgan va xorijda muzlatilgan milliardlab dollar mablag’larining bir qismini qo’lga kiritgan edi.

Prezident Donald Trampning aytishicha, 2015-yilda imzolangan xalqaro kelishuv shartlari yetarli darajada keskin emas. Ya’ni Tehronni yadro qurollari ishlab chiqarishdan, ballistik raketa dasturini kengaytirishdan va Yaqin Sharqda jangari guruhlarga yordam berishdan to’xtata olmaydi.

Uzoq yillik sanksiyalar Eron iqtisodiyotiga jiddiy ziyon yetkazib, mamlakat milliy valyutasi qadri tushib ketgan.

“Amerikaning “maksimum bosim” kampaniyasi mag’lubiyatga uchraydi”, - deydi Hasan Ruhoniy Trampning strategiyasiga ishora qilib.

Uning aytishicha, Tehron mintaqa xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o’ynaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG