Breaking News

AQSh "Islomiy davlat" bilan kiber-maydonda ham olishmoqda


AQSh va koalitsiya qo'shinlari Iroq va Suriyada Daishni mag'lub etishga harakat qilar ekan, Amerika hukumatining xakerlari ham ulardan qolishmaslikka intilmoqda.

So'nggi bir necha oydan beri ular "Islomiy davlat" terror guruhiga internet orqali zarar yetkazmoqda. Ammo virtual jang maydonida g'alaba yaqinmi? Bu savolga xakerlarning o'zlari ham aniq javob bera olgani yo'q.

Harbiylar va razvedka idoralari rasmiylariga ko'ra, "Islomiy davlat" nafaqat haqiqiy jang maydonida, balki virtual janglarda ham qattiq qarshilik ko'rsatmoqda.

AQSh Milliy razvedka xizmati direktori Jeyms Klapperning aytishicha, yaqin kelajakda bu kurash natijalariga aniqroq baho berish mumkin bo'ladi.

Amerika rasmiylari "Islomiy davlat"ga qarshi kiber-urush nimadan iborat ekanini ochiq so'zlamayapti, ammo maqsadlar aniq - Mudofaa vaziri Eshton Karter so'zi bilan aytganda "Daishning qo'mondonlik va boshqaruv tizimini ishdan chiqarish".

Xakerlar "Islomiy davlat"ga qarashli tarmoqlarga hujum qilib, ularni vayron qilmoqchi.

Ismini oshkor etishni istamagan AQSh rasmiylaridan birining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, jangarilar sarosimada, virtual salohiyatiga putur yetgan. Biroq qay darajada putur yetganiga hozircha javob yo'q.

"Islomiy davlat"ga qarshi kechayotgan kiber-amaliyot bilan tanish rasmiylardan birining aytishicha, hozircha Daish kompyuter tarmoqlari va guruhning virtual faoliyati o'rtasidagi bog'liqlik o'rganilmoqda.

Ayrim rasmiylarga ko'ra, mutaxassislar "Islomiy davlat" kiber-amaliyotlarining ko'lamini bilishga harakat qilmoqda. Guruh o'zi yaratgan xalifalikni saqlab qolish uchun internet va ijtimoiy tarmoqlar yordamida tashviqotini yoymoqda, yangi jangarilarni yollamoqda.

Milliy razvedka xizmati direktori Jeyms Klapperning aytishicha, "Islomiy davlat" kiber-faoliyatini ancha mukammallashtirgan.

"Ayni damda biz uchun eng katta qiyinchilik", deydi u, "internet aloqaning tobora kuchliroq kodlashtirilayotgani, bu esa ularning rejasini fosh qilishni qiyinlashtirmoqda".

Kongress Vakillar palatasining Yangi tahdidlar va salohiyatlar quyi qo'mitasi raisi Jeyms Langevinning aytishicha, jangarilar orasida bilimli, aqlli mutaxassislar bor va ular yordamida guruh dahshatli qurollarni qo'lga kiritishi mumkin.

Shu sabab, deydi rasmiylar, kiber-texnologiya bobida jangarilardan ustun kelish, g'alaba qozonish o'ta muhim. Shunda boshqa guruhlarga ham bu yaxshi saboq bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG