Breaking News

Isroilga ko'chgan amerikaliklar ham saylovda faol


Isroilda AQShdan ko’chib borgan taxminan 150 ming amerikalik yashaydi. Ular qo’sh fuqaro sifatida Amerika saylovlarida ovoz berishga haqli.

Sandra Ley ismli ayol Isroilga Texas shtatidan uch oy oldin muhojir sifatida ko’chib bordi. U “Super seshanba”da Jo Baydenga ovoz berdi.

“Baydenning prezident bo’lishini istardim. Isroildagi amerikaliklarning dunyoqarashini AQShdagilarga yaxshiroq yetkazishimiz, Isroilga xayrixoh nomzodlarni qo’llab-quvvatlashimiz zarur”, - deydi u.

Yoshlar esa Berni Sandersni qo’llab-quvvatlashini aytmoqda.

“Bernining iqtisodiy qarashlari, tashqi siyosatga yondashuvi menga manzur. Boylarni, Isroil hukumatini tanqid qilayotgani menga yoqadi”, - deydi Isroilda tahsil olayotgan amerikalik Maks Buchdal.

Berni Sanders yahudiy bo’lib, bu millat vakillaridan prezidentlikka nomzodini ko’rsatgan eng taniqlisidir. Shunga qaramay, u Isroil hukumati va Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni keskin tanqid qilib turadi.

“Yahudiy ekanimdan faxrlanaman. Isroilda bir necha oy yashaganman. Ammo hozir afsuslanarlisi shuki, Isroilni Bibi Netanyaxu kabi reaksioner irqchi boshqarmoqda. AQShning Yaqin Sharqdagi siyosati Isroil mustaqilligi va xavfsizligini himoya qilishdan iborat bo’lishini inkor etmayman, ammo Falastin xalqi azob-uqubatlariga ham ko’z yummaslik kerak”, - deydi Sanders.

Bayden ham Isroilni anchadan beri qo’llab-quvvatlashini, Falastinning mustaqil davlat bo’lishi tarafdori ekanini aytib keladi.

“Obama-Bayden ma’muriyati Isroilga ko’p yordam bergan, xususan, “Temir gumbaz” havo mudofaasi tizimini kuchaytirishda hamda Isroil bilan 10 yillik xavfsizlik shartnomasini imzolashda. Biroq tinchlikka xavf solayotgan siyosatni tanqid qilish kabi haqiqatni ham aytib turishimiz kerak”, - deydi Bayden.

Ayrim isroilliklar fikricha, Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning AQShda Respublikachilar partiyasi va ayniqsa Prezident Tramp bilan tuzgan ittifoqi Qo’shma Shtatlarda har ikki partiyaning Isroilga nisbatan an’anaviy xayrixohligiga putur yetkazdi.

Amerika liberallari Yaqin Sharq mojarosida Isroilni bosqinchi, Falastinni esa jabrdiyda sifatida ko’ra boshlagan va har ikki mamlakatdagi saylovlarda yangi rahbarlar saylanishiga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG