Breaking News

AQSh qonunchilari Xitoyning Gonkong xavfsizligiga doir qonunidan tashvishda


Britaniya 1997-yilda Gonkongni Xitoyga topshirganida ikki mamlakat shartnoma imzolab, oroldagi siyosiy tizimni saqlab qolishni kafolatlagan edi. Biroq shundan roppa-rosa 23 yil o’tib, Xitoy Gonkong xavfsizligiga doir qonun qabul qilib, “bir mamlakat, ikki tizim” tamoyilini poymol etdi.

Xalqaro hayot – 2-iyul, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:15 0:00

“Erkin Gonkong dunyodagi eng barqaror, farovon va serg’ayrat shahar edi. Endichi? Endi u kommunistlar boshqaruvidagi yana bir shaharga aylanib, aholisi Kommunistik partiya rahbarlarining xarxashasini ko’tarishga majbur bo’ladi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Gonkongning Xitoyga topshirilishiga bag’ishlangan yillik norozilik namoyishlari bundan keyin Xitoyda qabul qilingan yangi qonun ta’siriga tushishi mumkin. AQSh va G’arb mamlakatlari ushbu hujjat Gonkongda uyushish va so’z erkinliklarini cheklashini aytadi.

“Har yili bu sanada namoyishlar odatda tinch o’tardi. Ammo yangi qonun kuchga kirishi bilan ko’plab tinch namoyishchilar hibsga olindi. Mavhum huquqbuzarlik uchun qattiq jazo belgilangan. Pekin endi istaganda aralashadigan bo’ldi”, - deydi AQSh Senatida respublikachilar sardori Mitch Makkonel.

Gonkong rasmiylari ishtirokisiz ishlangan qonun AQSh noiblarini xavotirga solmoqda.

“Ushbu qonun doirasida o’tmishdagi ishlar ham ko’tariladimi? Yoki bugundan keyingi ishlar ko’riladi xolosmi? Ammo shuning o’zi ham xavotirlidir”, - dedi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.

AQSh qonunchilari Gonkongda yangi qonunga ko’ra hibsga olingan odamlarning Xitoyda sud qilinishi mumkinligidan ham tashvishda.

“Endi nima bo’lishini diqqat bilan kuzatishimiz kerak. Xitoy hukumati hammaga o’rnak bo’lishi uchun qonunning ilk kunlaridayoq guruhlar va shaxslarni nishonga olishiga shubham yo’q”, - dedi respublikachi senator Marko Rubio.

Gavayi universitetidan tahlilchi Kerol Petersenning aytishicha, qonun tafsilotlari aniq bo’lmasidan ham yetarlicha xavotir mavjud.

“Xitoyda markaziy hukumat xavfsizlik idoralarining qonun ijrosini nazorat etishga keng jalb qilinishi hamda qonundagi jinoyatlarning keng tavsif etilishi odamni tashvishlantirmoqda”, - deydi u.

O’tgan hafta AQSh Senati Xitoydagi yangi qonun ijrosiga aloqador rasmiylar, banklar va boshqa idoralarni jazolovchi hujjatni bir ovozdan ma’qulladi.

“Xitoy Kommunistik partiyasi qilayotgan bu ishining o’ziga qimmatga tushishini anglab yetishi uchun Kongress qo’shimcha sanksiyalar qabul qiladi deb o’ylayman”, - deydi respublikachi senator Jon Kornin.

Demokrat qonunchilar fikricha, AQShning Xitoyga bo’lgan ta’siri Tramp ma’muriyati paytida kamaydi.

“Siyosatni Oq uy belgilaydi. Ammo hozirgi siyosatimiz yo’ldan og’ib, Xitoyni dadillashtirgan bo’lishi mumkin”, - deydi kongressmen Eliot Engel.

Gonkong xalqi Amerika yordam berishga tayyor ekanini bilsin, deydi qonunchilar.

“Bu demokratiya va diktatura, ozodlik va zulm, erkinlik va zolimlik o’rtasidagi kurashdir va bu kurashda dunyo g’alaba qozonishi kerak”, - dedi respublikachi kongressmen Maykl Makkol.

Sanksiyalar haqidagi qonun loyihasi Kongressda tez qabul qilinishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG