Breaking News

Kongress Eron muxolifatiga yordamni oshiradi


Demokrat kongressmen Bred Sherman "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington
Demokrat kongressmen Bred Sherman "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington

Sh Kongressi a'zolari bu hafta Vashingtonda Eron muxolifati bilan uchrashib, ularga shunday va'da berdi: islomiy respublikaga qo'shimcha sanksiyalar qo'yiladi.

Eron-Amerika jamoalari tashkiloti surgundagi eronliklarni birlashtirgan organ bo'lib, ular vatandagi islomiy tuzumga qarshi. "Mujohiddini Xalq" deya tanilgan bu harakat Kongressda azaldan lobbichilik bilan mashg'ul.

"Mujohiddini Xalq" demokratik, dunyoviy va tinchliksevar davlat barpo etishni maqsad qilgan, deydi tashkilot a'zolari.

Yetakchi vakil Majid Sadeg'pur deydiki, Prezident Donald Tramp va Kongress Erondagi islomiy tuzumni asosiy tahdidlardan biri deb hisoblar ekan, bu sistemani qulatishga bel bog'lagan tomonlarni quvvatlashi lozim.

Tramp Barak Obama prezidentligi davrida Eron bilan imzolangan yadroviy kelishuvga qarshi va undan chiqishni rejalagan. Uningcha, bu kelishuv puch murosa, Eron unga baribir amal qilmaydi.

Kongressning respublikachi a'zolari Ileana Ros-Leytinen va Dana Rorabaker
Kongressning respublikachi a'zolari Ileana Ros-Leytinen va Dana Rorabaker

Respublikachi qonunchi Ileana Ros-Leytinenga ko'ra, Eronga qo'yilgan har bir sanksiya amalda qolishi kerak va ularga yangilarini qo'shish zarur. O'tgan yili AQShning "Boeing" kompaniyasi Eron havo yo'llariga 80 samolyot sotishga qaror qilgan edi. Kongress bunga ruxsat bermasligi mumkin. 16 milliard dollarlik kelishuv chetga suriladi, deydi qonunchilar, chunki Eron bu vositalarni harbiy maqsadlarda ishlatishi mumkin. Yo'lovchi samolyotlari islomiy respublikaning yovuz qadamlarida qo'l keladi, deydi demokrat kongressmen Bred Sherman, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Eron Suriya va Yamanda shia jangarilarga homiy, deya qayd etmoqda respublikachi kongressmen Dana Rorabaker. U ham Tehronni qattiqroq jazolash tarafdori. Mullalarni dunyoviy ziyolilarga o'zgartirish kerak, deydi u.

"Men ozariy, balujiy va kurdlarga o'z muxtoriyatlarini barpo etishda yordam berishni istayman, toki huquqlaringiz hurmat qilinsin, sha'ningiz toptalmasin", - deydi Rorabaker, fors bo'lmagan eronliklar haqida gapirar ekan.

Demokrat kongressmen Eliot Engel
Demokrat kongressmen Eliot Engel

Demokrat kongressmen Eliot Engel fikricha, "Mujohiddini Xalq" harakatiga madad to'xtamasligi kerak. Iroqdan ularning uch ming a'zosi o'tgan yillarda Albaniyadan panoh topgan. Amerika ularga yarim milliard dollarga yaqin miqdorda yordam ko'rsatgan. Bu insonlar hayoti shia hukumatga ega Iroqda tahdid ostida edi, deydi Engel. Bag'dod ularning mulklariga tegmasligi kerak, aksincha, keltirilgan zarar uchun tovon to'lashi shart, deydi kongressmen. Iroq hukumatidan bu borada sado yo'q.

"Mujohiddini Xalq" a'zolari AQShga Eronning yadroviy maqsadlari haqida noyob ma'lumotlar uzatgani aytiladi, lekin Tehron atom bombasi yaratmayotganini, maqsadi yadroviy energiya ishlab chiqarishni takomillashtirish ekanini qayd etib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG