AQSh va Meksika narkomafiyaga qarshi kurashishga kelishdi

  • Amerika Ovozi

AQSh va Meksika delegatsiyalari muzokara paytida

AQSh va Meksika rasmiylari xalqaro jinoiy tashkilotlar faoliyatiga bolta urish uchun qo’shma harakatlarini kuchaytirishga kelishib oldi. AQSh davlat kotibining o’rinbosari Jon Sullivanning aytishicha, narkomafiya sotayotgan giyohvand moddalar har ikki mamlakat fuqarolarini nobud qilmoqda.

Opioidlarni kerakli dozadan ko’p iste’mol qilish natijasida 2016-yilda Amerikada 64 mingdan ziyod odam o’lgan. Prezident Donald Tramp oktabr oyida sog’liqni saqlash borasida favqulodda holat e’lon qildi.

Davlat rahbari organizmni o’ziga qaram qilmaydigan og’riqni qoldiruvchi yangi dorilarni yaratishga, opioidlar zarari haqida tashviqotni kuchaytirishga, Xitoy va Meksikadan Amerikaga noqonuniy ravishda olib kirilayotgan giyohvand moddalar oqimini to’xtatishga chaqirdi.

“Bu ma’muriyat muammoga ko’z yummaydi. Prezident Tramp Amerikada ko’plab odamlar va oilalar hayotini barbod qilgan opioid epidemiyasiga qarshi kurashga va’da bergan”, - deydi Sullivan.

AQSh va Meksika xalqaro jinoiy tashkilotlar faoliyatiga doir axborot almashishga kelishib, 14-dekabr kuni bitim imzoladi.

“Opioidlarni dozadan oshirib iste’mol qilish natijasida minglab amerikaliklar nobud bo’lgan. Meksikada esa narkomafiya zo’ravonligidan minglab meksikaliklar o’lmoqda. Muammoni faqat hamkorlik orqali hal qilish mumkin”, - deydi Meksika Tashqi ishlar vaziri Luis Videgaray.

Ikki mamlakat rasmiylari hamkorlik haqida memorandum imzoladi. Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar qo’shni mamlakatni Amerikada jinoyatga qo’l urgan meksikaliklar jinoyat tarixi bilan ta’minlaydi.

“Biometrik platforma asosida hamkorlikka o’tamiz. Ya’ni AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati meksikalik hamkasblari va hamkorlari bilan jinoiy to’dalarga aralashgan odamlarning barmoq izlari tushirilgan ma’lumotlar, 350 dan ortiq mahkum haqidagi axborot bilan almashadi”, - deydi AQSh Ichki xavfsizlik vazirasi Kirstyen Nilsen.

Prezident Tramp noqonuniy muhojirlar va jinoyatchilarni chegaradan o’tkazmaslik uchun Meksika chegarasi bo’ylab baland devor qurdirishni ham va’da qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG