Tramp ma’muriyati noqonuniy migratsiyani to’xtatish uchun o’tgan yili chegarada bolalarni ota-onasidan ajratish siyosatini joriy etgan edi. Ushbu qaror oqibatlarini tekshirgan hukumat inspektori ota-onasidan alohida saqlangan bolalar ruhiy travma olgani, ularning salomatligiga jiddiy putur yetgani haqida xulosa qilmoqda.
AQSh Sog’liqni saqlash vazirligi bolalar bilan ishlaydigan 100 ga yaqin mutaxassis kuzatuvlari asosida tayyorlargan hisobotini e’lon qildi.
Unda yaqinlaridan ajratib olingan bolalar to’xtamay yig’lagani, ularni hech narsa bilan ovutib bo’lmagani, ota-onam tashlab ketdi deya o’kingani va g’azablangani tasvirlanadi.
“Oz fursat bo’lsa-da ota-onasidan ayrilgan bolalar ham travma olishi mumkin. Uzoq muddatli ayriliq va e’tiborsizlik esa jiddiy ruhiy jarohatga yetaklaydi, bunday bolalar bir umr o’zini shikastlangan his qiladi”, - deydi bolalar psixiatori Luiz Kraus.
Bolalarni ota-onasidan ajratish 2017-yilda boshlangan edi. Jarayon 2018-yilning apreligacha, Adliya vaziri Jeff Seshns AQShga noqonuniy kirishga intilayotganlarga toqatimiz yo’q degan gapi bilan davom etavergan.
Biroq mahalliy va xalqaro shov-shuvlar ortidan Prezident Donald Tramp bolalarni ota-onalaridan ajratish qarorini to’xtatgan.
AQSh rasmiylari o’shandan keyin ham yana 700 dan ortiq bola oilasidan ajralib qolganini, chegaradagi vaziyat o’nglanmaganini tan oladi.
Prezident Tramp uchun chegara himoyasi va noqonuniy immigratsiyani to’xtatish birinchi darajali masala. Qayta saylana olishini ham shu mavzu bilan bog’laydi. Chegara devorini kengaytiramiz deya karillashda davom etayotgan Tramp 2020-yilgi savlovga tayyorgarlik ko’rmoqda.
Facebook Forum