AQShning Shimoliy Koreya bo’yicha maxsus elchisi Stiven Bigun Pxenyandagi hukumatni provokatsiyalarni bas qilib, yadroviy muzokaralarni davom ettirishga chaqirmoqda. Maxsus vakil Seulga borib, mavzuni Janubiy Koreya rasmiylari bilan muhokama qilgan.
“Shimoliy Koreyaga gapim shu: ishimizni qilaylik, muzokaralarni oxirigacha yetkazaylik. Biz hozir shu yerdamiz, biz bilan qanday bog’lanishni bilasiz. Shimoliy Koreya yaqin kunlarda katta provokatsiyaga hozirlanayotganini bilamiz. Ammo bunday harakat Koreya yarimorolida davomiy tinchlikka erishishda faqat zarar bo’ladi”, - dedi AQSh rasmiysi.
Bir necha kun oldin Shimoliy Koreya uzoq masofali raketalar uchun dvigatellarni sinovdan o’tkazgani taxmin qilinmoqda. AQSh yil oxirigacha imtiyozlar taklif etmasa, Pxenyan Rojdestvo bayrami uchun “dahshatli” hadya tayyorlab qo’yganiga ishora qilyapti.
Agar tomonlar o’tirib gaplashishga kelisholmasa, AQSh Prezidenti Donald Trampning salkam ikki yillik diplomatik harakatlari chippakka chiqib, hududda vaziyat taranglashishi mumkin.
“Shimoliy Koreya o’z bayonotlarida “so’nggi muhlat” haqida ko’p gapiryapti. Shu asnoda aytmoqchimanki, AQShda so’nggi muhlat yo’q. Maqsadimiz – ikki rahbar Singapurdagi tarixiy uchrashuvda o’z zimmasiga olgan kelishuvlarni bajarish”, - dedi AQSh maxsus vakili.
Pxenyan AQSh uning ultimatumiga uchmayotganidan, sanksiyalarni to’liq bekor qilmayotganidan xunob. O’tgan hafta Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi bu borada yakuniy qaror qabul qilingani haqida bildirgan, ammo qaror nimadan iborat ekanini aytmagan.
Pxenyan may oyidan beri 13 marta qisqa va o’rta masofali raketalarini sinovdan o’tkazdi. AQSh talablariga ko’nmasa, uzoq masofali va yadroviy sinovlar jonlanishi haqida ogohlantirgan.
So’nggi bor Donald Tramp va Kim Chen Un fevral oyida Xanoyda ko’rishgan edi, biroq Tramp muzokarani erta tark etgan.
AQSh va Shimoliy Koreya diplomatlari oktabr oyida Stokgolmda uchrashgan. O’shanda Pxenyan vakillari AQShdan jo’yali taklif bo’lmaganiga ishora qilib, bu gal ular muloqotni erta tark etishdi va shundan beri gaplashish takliflarini inkor etib kelishmoqda.
Facebook Forum