Breaking News

AQSh: Olimpiadaga xavf yo'q


Shimoliy koreyalik olimpiyachilar qo'shni mamlakatga keldi
Shimoliy koreyalik olimpiyachilar qo'shni mamlakatga keldi

Qo’shma Shtatlar 9-fevral kuni Janubiy Koreyada bo’ladigan Qishki Olimpiya o’yinlariga tahdid yo’qligini bildirmoqda.

AQSh Davlat departamentida milliy Olimpiya terma jamoasi xavfsizligiga javob beruvchi rasmiylarning aytishicha, ular so’nggi ikki yildan beri janubiy koreyalik mutasaddilar bilan shu mavzuda hamkorlik qilmoqda va shu kunga qadar Pxyonchanda bo’ladigan musobaqaga xavf-xatar yo’q.

Sportchilar bugundan boshlab Janubiy Koreyaga kela boshlaydi. Mezbon mamlakat barchaning xavfsizligini ta’minlab, musobaqani a’lo darajada o’tkazishga so’z bermoqda.

Qo’shma Shtatlar Olimpiya jamoasi xavfsizligini 100 ga yaqin diplomatik xavfsizlik agentlari ta’minlaydi. Ular Seul va Pxyonchan shaharlarida joylashadi. AQSh delegatsiyasi tarkibida 275 ga yaqin odam bo’ladi. 60 ming amerikalik musobaqalarni stadionlarda tomosha qilish imkoniga ega bo’ladi, shu jumladan AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens va uning rafiqasi.

Qo’shni Shimoliy Koreya ham Olimpiadaga o’z vakillarini yubormoqda. Janubiy va Shimoliy Koreya sportchilari ochilish marosimida bir jamoa bo’lib, bir bayroq ostida o’tishi rejalangan.

Bu o’rtada Sport arbitraj sudi Xalqaro Olimpiya qo’mitasi tomonidan jazolangan rossiyalik 28 sportchining shikoyatini ijobiy hal qildi. Ular 2014-yil Sochi Olimpiadasida doping qabul qilganlikda ayblanib, bir umrga musobaqalardan chetlatilgan edi.

Shveysariyaning Lozanna shahridagi joylashgan sudga ko’ra, sportchilarga qo’yilgan ayblovlarga yetarlicha dalil keltirilmagan.

“Bu ushbu 28 sportchi aybsiz deb topildi degani emas. Shunchaki ularning ishida dalillar yetishmagani bois apellyatsiya qondirildi, jazo choralari bekor qilindi, Sochidagi natijalari tiklandi”, - dedi Sport arbitraj sudi bosh kotibi Mettyu Rib.

Qarordan norozi Xalqaro Olimpiya qo’mitasi bu sportchilarni Janubiy Koreyadagi musobaqalarga qo’ymoqchi emas. Qo’mitaning jazo choralariga e’tiroz bildirgan yana 11 sportchining arizasi qondirilmadi. Biroq shunga qaramay, ular Olimpiya musobaqalaridan umrbod emas, faqat shu safar chetlatiladi, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG