AQSh va Pokiston tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama aloqalarni yaxshilash muhimligini ta’kidlamoqda, biroq bunga afg’on urushi to’sqinlik qilayotganini tan olishmoqda. Qo’shma Shtatlar nazarida, Pokiston bilan kuchli hamkorlikka erishish uchun qo’shni Afg’onistonda tinchlik va barqarorlik hukm surishi kerak.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Vashingtonda Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashib, shu mavzuda muloqot qildi.
Terrorga qarshi urushdagi bu hamkor davlatlar o’rtasidagi munosabatlar ayni damda eng quyi nuqtada. Pokiston Afg’onistonda hukumatga qarshi hokimiyat uchun kurashayotgan Tolibonga pinhona yordam berayotgani haqidagi da’volar va shubhalar bunga sabab.
Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha yordamchisi Alis Velsning aytishicha, Islomobod harakatlari Afg’onistonda tinchlik va barqarorlikni o’rnatishga qaratilgan bo’lishi kerak.
“Trump ma’muriyati bu masalada Pokiston bilan hamkorlik qila olmayotganidan, Tolibonni muzokara stoli atrofiga o’tqazish imkoni bo’lmayotganidan norozi ekanini bir necha bor bildirgan”, - dedi AQSh rasmiysi.
Pokiston tashqi ishlar vaziri sovigan aloqalarni yaxshilashni Shakil Afridiy masalasini muhokama qilishdan boshlashni taklif etdi. Pokistonlik bu shifokor 2011-yilda AQShga al-Qoida terror guruhi asoschisi Osama bin Ladenni topishda va o’ldirishda yordam berganidan so’ng Pokiston hukumati uni qamoqqa tashlagan edi. Vazir Qurayshiyning aytishicha, yangi Bosh vazir Imron Xon uning taqdirini ko’rib chiqishga tayyor.
Biroq AQSh Davlat departamenti matbuot kotibasi Xezer Noyertning aytishicha, Islomobod bu masalada hozircha gapdan nariga o’tmayapti.
Facebook Forum