Breaking News

AQSh va Filippin yangi harbiy bitim imzoladi


AQSh va Filippin harbiylari qo'shma mashqlar chog'ida.
AQSh va Filippin harbiylari qo'shma mashqlar chog'ida.
AQSh prezidenti Barak Obamaning Osiyoga safari chog’ida Filippin bilan yangi mudofaa bitimi imzolandi. Filippin, Xitoy va boshqa davlatlar orasidagi munosabatlar Janubiy Xitoy dengizidagi orollar tufayli keskinlashgan bir davrda bunday kelishuvning katta ahamiyatga egaligi shubhasiz. Ammo tahlilchilar AQShning Filippinga berishi mumkin yordami xususida turli fikr va taxminlar bildirmoqda.
Yangi shartnomaga ko’ra, Filippindagi bazalar AQSh qo’shinlari uchun ochiladi, ikki davlat harbiylari qo’shma mashg’ulotlar o’tkazadi, shuningdek, Filippinning dengizdagi ma’lumot to’plash imkoniyatlari kuchayadi. AQSh esa kelasi 10 yil davomida kema, samolyot va harbiy uskunani Filippindagi ayrim harbiy maskanlarda saqlash huquqiga ega bo’ldi.

Filippindagi Tinchlik, zo’ravonlik va terrorizm tadqiqotlari rahbari Rommel Banlaoy dengizdagi kuzatish ishlari bo’yicha treninglar katta ahamiyatga egaliginini aytadi.

“Dengizga oid ma’lumot to’plash Filippinga halokatlarning oldini olish imkonini beradi. Masalan, Janubiy Xitoy dengizida keskinlik uyg’otishi mumkin bo’lgan halokatlar haqida oldindan ogoh bo’ladi”.

Banlaoy shartnomaning dengizga oid qismi Filippin uchun katta yutuq, deydi chunki Janubiy Xitoy dengizidagi hududlar qator davlatlar orasida talash va kelajakda mojaroga olib kelishi mumkin.

Ammo dokumentda AQSh qo’shinlari dengizdagi qanday nizoli vaziyatda Filippinga yordamga kelishi aniq aytilmagan.

Xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassis Karl Teyer Filippin AQSh qo’shinlari boshqa davlatlarning hujum qilishiga yo’l qo’ymasligiga umid qilmoqda, deydi.

“Shunda ham Amerika haqiqatan oraga tushsa agar! Aks holda o’zaro ishonch yo’qoladi, Amerika nufuziga putur yetadi. Gap shundaki, AQSh Janubiy Xitoy dengizidagi mojaro sabab o’z obro’sini yo’qotishni xohlamaydi. Bir necha davlat orasida talash har bitta tosh uchun Vashington tarafkashlik qilmaydi,” - deydi u.

Vashington shu paytgacha Janubiy Xitoy dengizidagi mojaroni diplomatik yo’llar bilan hal qilish kerak, deya ta’kidlab keladi.

O’tgan hafta Manilada bir necha yuz AQSh va Filippin askarlari oldida so’zlagan Obama Filippinni himoya qilish qarori qat’iy ekanini aytdi.

Geosiyosat bo’yicha tahlilchi Richard Xeydaryan esa bu bayonot qurolli mojaroga taalluqli emas, deydi. Orollar yuzasidan urush boshlangan taqdirda AQSh Xitoyga qarshi chiqmaydi, deb hisoblaydi ekspert.

“Amerika bizni Xitoydan himoya qiladi, deb umid qilish noto’g’ri. Shu bois Filippin rahbariyati kelasi oylarda kommunistik davlat bilan aloqalarda har bir qadamini o’ylab bosishi kerak. Chunki 30-mart kuni Filippin Pekinga qarshi bayonot berganidan keyin xitoyliklarning tepa sochi tikka bo’ldi”.

Xitoy rahbariyati AQSh va Filippin o’rtasidagi shartnomaga keskin munosabat bildirganicha yo’q, shunchaki taraflarni tinchlik va barqarorlikni saqlashga chaqirdi.

Uch mamlakat harbiylari iyul oyida Gavayi yaqinida otkaziladigan harbiy mashqlarda qatnashadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG