Breaking News

Obama: Mamlakatni oldinga siljitish uchun har ikki partiya javobgar


Obama: Mamlakatni oldinga siljitish uchun har ikki partiya javobgar
Obama: Mamlakatni oldinga siljitish uchun har ikki partiya javobgar

2011-yil AQShda katta siyosiy o’zgarishlardan boshlandi. Ham Vashingtonda, ham mahalliy darajada.

Oq uyda prezident maslahatchilari, jumladan iqtisodiy kengash a’zolari yangilandi.

Kongressning Vakillar Palatasini qo’lga olgan respublikachilar prezident Obama so’nggi ikki yilda olg’a surgan islohotlarni bekor qilishga shay.

Partiyalar hozirdan 2012-yil prezident saylovlariga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Respublikachilar ikki yildan so’ng Oq uyni qanday egallash strategiyasini tuzmoqda.

Jon Beyner, Ogayo shtatidan saylangan respublikachi kongressmen, Vakillar Palatasida yangi spiker. Konservativ siyosatni olg’a surishga, xususan sarf-xarajat va davlat nazoratini keskin kamaytirishga so’z bermoqda.

“Eskicha ish uslubiga chek qo’yamiz, xalq xohish-irodasini bajarishga kirishamiz”, - deydi Beyner.

O’tgan yil noyabrda o’tgan saylovlar nafaqat Vashingtonda, balki butun mamlakat bo’ylab o’zgarishlar olib keldi. Bir necha shtatda demokrat gubernatorlar o’rniga respublikachilar saylangan.

“Yangi gubernator sifatida katta o’zgarishlar va’da qilaman”, - deydi Skott Uoker, Viskonsin shtatining yangi hokimi, saylovchilarga qarata.

Demokratlar endi Vakillar Palatasida ozchilik, ammo Senatda ko’pchilik o’rinlarni saqlab qolgan.

Muxolifatchi respublikachilar ustunlikdan foydalanib, prezident Obama olg’a surgan islohotlarni bekor qilishga kirishmoqda. Sog’liqni saqlash islohotiga doir qonunni yo’q qilamiz, deydi ular. Uzoq tortishuvdan so’ng o’tgan yili qabul qilingan bu hujjatga bitta ham respublikachi ovoz bermagan.

Sol Anuzis, Respublikachilar Partiyasi qo’mitasi raisligiga nomzodlardan biri.

“Amerika so’lchilar mamlakati emas, balki konservativ tamoyillarga asoslangan davlatdir”, - deydi u. “Shuni yodda tutib harakat qilsak marra bizniki”, - deydi Anuzis.

Prezident Obamaning partiyasi yangidan kuchga to’lgan muxolifat bilan imkon qadar murosa qilishga tayyormiz, demoqda.

Merilend shtati vakili, demokrat-kongressmen Steyni Xoyerning aytishicha, Amerika xalqi siyosiy safsatabozlikdan to’ygan. Ular amaliy ishlar qilinishini, ishsizlik kamayishini istaydi.

Tahlilchilar fikricha, Amerika siyosatida hukmron ikki partiya ko’p masalalarda kelisha olmasligi hozirdan ayon.

“Kelasi ikki yilda katta tortishuvlarga guvoh bo’lamiz, lekin hamkorlik imkoniyatlar ham yo’q emas. Prezident respublikachilar bilan murosa qilishini aytmoqda”, - deydi tahlilchi Jon Fortye.

Barak Obama 2012 yilda yana bir muddatga saylanish niyatida, ammo jurnalist Tom Defrank nazarida bu oson bo’lmaydi. Muxolifat bilan kelishib ishlay olishiga, iqtisodiyot jonlanib, saylovchilar kayfiyati ijobiy tomoniga o’zgarishiga ko’p narsa bog’liq, deydi u.

XS
SM
MD
LG