Breaking News

2014-yil Barak Obama uchun qanday kechadi?


2014-yilda AQSh siyosiy sahnasida nimalar kutilyapti?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00
2014-yilda AQSh siyosiy sahnasi gavjum bo’ladi. 28-yanvar kuni prezident Barak Obama o’z oldiga qo’ygan muhim vazifalari haqida xalqqa hisobot beradi. Noyabr oyida esa Kongressga saylovlar bo’lib o’tadi. Partiyalar ushbu muhim jarayon uchun tayyorgarlikni boshlab yuborgan.
Prezident Obama uchun o’tgan yilgi murojaat qayta saylanishidan ko’p o’tmay yuz bergani uchun ancha iliq kechgan edi.

“Erishgan yutuqlarimiz ko’p”, - degan edi o’shanda davlat rahbari.

Ammo 2013-yil Obama uchun kutilganidan ko’ra qiyinroq keldi. Bunda sog’liqni saqlash tizimidagi muammolarning o’rni katta.

Obama 2014-yilda e’tiborini boylar va o’rta qatlam aholi o’rtasidagi tafovutni qisqartirishga qaratmoqchi.

“Boshqacha qilib aytganda, iqtisodiyotning tiklanishi hammaning hayotida aks etishi kerak. Bu masalada qiladigan ishimiz ko’p”, - deydi davlat rahbari.

Respublikachilar partiyasi strategi Ron Bonjinning aytishicha, respublikachilar joriy yilda ham prezidentning sog’liq tizimidagi islohotiga qarshi kurashni davom ettiradi.

“Sog’liqni saqlash masalasi eng dolzarb. Uni qanday hal etish yuzasidan Obama ma’muriyati noqobillik ko’rsatishda davom etmoqda”, - deydi u.

Ijtimoiy yordam dasturlarini qisqartirish ham respublikachilarning asosiy maqsadi, deydi Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner.

“Agar respublikachilar soliqni oshirishga rozi bo’lmasa, biz bu dasturlarga o’zgartirish kiritmaymiz, deb prezident ham, demokratlar ham oyoq tirab turib olgan. Biz soliqlarni oshirmoqchi emasmiz”, - deydi u.

Obama iqtisodiyotdagi jonlanish va aholi daromadidagi notenglik masalasiga e’tibor qaratadi, deydi Brukings instituti tahlilchisi Tomas Man.

“Iqtisodiyot, ish bozori va maoshlar qay ahvolda? Buning ortida daromadlardagi notenglik va “Ikki xil Amerika” masalasi turibdi”, - deydi tahlilchi.

Siyosatshunos Jon Fortierning aytishicha, ikkinchi muddatini o’tayotgan prezidentlar uchun tarafdorlar topish oson bo’lmaydi.

“Odatda, obro’siga putur yetganini har bir prezident yaxshi tushunadi. Unga boshqa partiya nazoratidagi Kongress yoki uning bir qismi qarshi chiqadi. Shuning uchun prezident o’z qarashlarini birinchi muddatda bo’lgani kabi hozir Kongressga o’tkaza olmaydi”, - deydi u.

Yilning asosiy voqeasi noyabr oyida o’tadigan Kongress saylovlari bo’lishi kutilmoqda.

“Bunday saylovlarda prezident yutqazishi an’anaga aylangan. Respublikachilar oldidagi asosiy masala Senatda yetarli o’rinlarni qo’lga kiritishdir”, - deydi Frontier.

Respublikachilar nazoratidagi 435 o’rinning barchasi ovozga qo’yiladi. Demokratlar ko’pchilik bo’lgan Senatning esa uchdan biri qayta saylanadi. Shuningdek, 36 shtatda gubernatorlik uchun saylovlar bo’lib o’tadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG