Breaking News

AQSh diniy erkinliklarga doir yillik xalqaro hisobotini e'lon qildi


Davlat kotibi Pompeo hisobotni e'lon qilishdan oldin

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy, Eron, Nigeriya va yana bir necha mamlakatni diniy erkinlik buzg’unchilari deya qoraladi. Davlat departamenti Xalqaro diniy erkinlikka doir yillik hisobotini chop etdi.

Xalqaro hayot – 11-iyun, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:19 0:00

“Xitoy Kommunistik partiyasi diniy tashkilotlarga partiya rahbariyatiga bo’ysunishni buyurmoqda, kommunistik aqidalarni diniy ta’limot va diniy amaliyotlariga singdirmoqda. Uyg’uRlarni ommaviy ravishda lagerlarda saqlash amaliyoti davom etmoqda. Tibetliklar, buddistlar, Falun Gong, nasroniylarga nisbatan zug’um ham to’xtagani yo’q”, - dedi Pompeo.

Xitoy uyg’urlarning ommaviy ravishda hibsda saqlanayotganini inkor etarkan, tanqidlarni ichki siyosatiga aralashuv sifatida qoralamoqda. Pekin uyg’urlar lagerlarda hunar va bilim o’rganayotganini aytadi.

AQShning o’zida politsiya zo’ravonligi va irqchilikka qarshi namoyishlar bo’layotgan bir paytda Pompeo boshqa davlatlarga ma’ruza o’qishga haqlimikan degan savolga davlat kotibi Amerika Xitoy kabi adolatsizliklarga jim qarab turmaydi, deb javob berdi.

“Jorj Floydning o’limi kabi biror fojiali va dahshatli holat ro’y bersa, hukumat munosabat bildiradi. Huquq-tartibot idoralarimiz ham, Adliya vazirligi ham muammoni tez hal qilishga kirishdi”, - dedi Pompeo.

Yillik hisobotda Nigeriya ham tilga olinadi. Bu mamlakatda “Boko Haram” va “Islomiy davlat” jangari to’dalari musulmonlar va nasroniylarga kun bermay keladi.

AQShning diniy erkinlik bo’yicha elchisi Sem Braunbek Davlat departamentida o’tgan brifingda chora ko’rishga chaqirdi.

“Nigeriyadagi voqealardan chuqur xavotirdaman. Zo’ravonlik, qirg’in, hukumat harakatsizligiga guvohmiz. Nigeriya hukumati hozirgidan ancha samarali chora ko’rishi kerak”, - dedi Braunbek.

Rasmiy Saudiya Arabistonini ham tanqid qilarkan, uni dunyoda cherkovga yo’l qo’ymagan yagona davlat deb atadi.

O’zbekiston AQShning Diniy erkinliklarga doir yillik hisobotida har yili tilga olinadi. Hujjatda aytilishicha, O’zbekistonda diniy tashkilotlarni ro’yxatga olish jarayoni murakkab. Hisobotda hukumatning diniy sabablarga ko’ra qamalgan 575 mahbusning 2019-yilda ozod etilgani haqidagi axboroti qayd etilishi bilan birga ayrim nodavlat tashkilotlarning O’zbekistonda diniy ekstremizm gumoni bilan hisbga olingan va qamalgan odamlarga nisbatan qiynoqqa solish amaliyoti hali ham davom etayotgani haqidagi da’volari ham inobatga olingan.

O’zbekistonda soqol qo’ygan va hijob kiygan musulmonlarga qarshi ta’qiblar hali ham davom etayotgani aytilarkan, Toshkent shahrida ayrim hollarda erkaklarning soqoli majburan oldirib tashlangani tanqid qilinadi. Hisobotda shuningdek aytilishicha, Toshkentda o’quvchilarga maktabdan erta chiqib, juma namoziga borishga imkon bermaslik maqsadida mahalliy ta’lim idorasi o’qituvchilarga juma kunlari qo’shimcha mashg’ulotlar o’tkazishga ko’rsatma bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG