Breaking News

Respublikachilar orasida yaqqol lider yo'q


Yana ikki yildan so’ng Amerika yangi prezidentni saylaydi. Biroq Respublikachilar partiyasidan kimning yaqqol va yetakchi nomzod bo’lishi uzoq yillardan buyon ilk bor ma’lum emas.

Respublikachilar partiyasi safiga ko’pgina yangi a’zolar qo’shilgan. Ayrimlari kelasi saylovda nomzodini qo’ymoqchi.

Senatga Kentukki shtatidan saylangan Rend Pol prezident Barak Obamaning ashaddiy tanqidchisi. U yaqinda konservativ qarashdagi faollar orasida o’tkazilgan sinov saylovda eng ko’p ovoz to’pladi.

“Biz sudda ham, saylov uchastkasida ham sizga qarshi chiqamiz. Janob prezident, Konstitutsiyani toptashingizga yo’l qoymaymiz!” - dedi u saylovdan keyin.

Biroq respublikachilar orasida asosiy nomzodlikka Rend Pol bilan bellashmoqchi bo’lgan arboblar ham kam emas. Ulardan biri Texas shtatidan senator Ted Kruz.

“Odamlar qiynalyapti. Mamlakat yo’nalishini o’zgartirmasak bo’lmaydi. 1980-yilda shunday qilgan edik. Reygan inqilobi nomini olgan o’sha hodisalar bugun ham takrorlanmoqda”.

Kruz va Pol Choychilar siyosiy harakatiga mansub. Respublikachilarning eng konservativ qarashdagi a’zolaridan tarkib topgan bu guruh 2010-yilgi saylovda partiyaga Vakillar palatasida ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kiritishda yordam bergan.

Alyaska shtati sobiq gubernatori, vitse-prezidentlikka nomzod bo’lgan Sara Peylin partiya rahbarlarini Choychilar harakatini jiddiy qabul qilishga chaqirdi.

"Sizga 2010-yilda g’alabani ta’minlagan kim? Choychilar! Siz emas!” - dedi Peylin.

Respublikachilar orasidagi bu bo’linish noyabr oyida Kongressga o’tadigan saylovlarda muhim ro’l o’ynaydi, deya fikr bildiradi Vashingtondagi “Pyu” (Pew) tadqiqotlar markazidan Kerol Doerti.

“Respublikachilar partiyasiga darz ketgan, qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Ular hokimiyatni qo’ldan boy bergan har qanday partiya kabi yo’lini topishga harakat qilyapti. O’tmishda demokratlar ham shunday jarayondan o’tgan”.

Ayrim respublikachilar saflarimiz mustahkam, deydi. Shulardan biri Viskonsin shtatida saylangan kongressmen, 2012-yilda vitse-prezidentlikka da’vo qilgan Pol Rayan.

“Hozir Choychilar harakati va hukumat, liberallar va konservatorlar o’rtasidagi ziddiyatni ko’rish mumkin. Ichki mojarolar, kurash va nizo bor. Lekin bu har bir oilada bo’ladigan gaplar,” - dedi u.

Rayan ham 2016-yilda prezidentlikka da’vo qilishi mumkin. Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi kabi.

“G’alaba qozonolmasak, hukm surolmaymiz. Hokimiyatda bo’lmasak, jamiyatni to’g’ri yo’lga boshlolmaymiz. Eng yomoni shuki, demokratlar hukmron ekan, aksini qilishyapti,” – deydi Kristi.

Ammo tahlilchi Doertiga ko’ra, respublikachilar orasida yaqqol lider yo’q. So’nggi bir necha o’n yilda ilk bor, deydi u.

“Juda qiziqarli saylov bo’ladi. Taxtga chiqish uchun merosxo’r yo’q. Oldingi poygalarda hamisha yetakchi nomzod bo’lardi, hozir ularning soni ko’p,” - deydi u.

Demokratlar orasidagi asosiy yetakchi aniq: Xillari Klinton. Uning 2016-yilgi saylovda g’alaba qozonishi ehtimoli juda katta, deydi kuzatuvchilar. Biroq Klinton saylovdagi ishtirokiga doir rejalarini oshkor etganicha yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG