Breaking News

Senatorlar: AQSh Suriya bo’yicha dadilroq choralar ko’rsin


Rossiya Suriya muxolifatining prezident Bashar al-Assaddan qutulish harakatini “o’jarlik” deya tanqid qilayapti. Bu talabdan voz kechilmas ekan, urush davom etadi, odamlar o’laveradi, deydi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
Senatorlar: AQSh Suriya bo’yicha dadilroq choralar ko’rsin/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:50 0:00
Yuklab oling

Kuni-kecha Rossiya Suriyadan 80 ga yaqin fuqarosini evakuatsiya qildi, asosan, ayollar va bolalarni.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Viktoriya Nuland so’zlariga ko’ra, Rossiya qarori shundan dalolat beradiki, Suriyada xavfsizlik bilan bog’liq vaziyat tamoman izdan chiqqan.

BMT hisobicha, qariyb ikki yillik urushda 60 ming kishining yostig’i quridi.

Bir guruh amerikalik senatorlar Obama ma’muriyatidan Suriya oppozitsiyasiga hamda qochqinlarga yordamni oshirishni so’rayapti. Respublikachi senator Jon Makkeyn boshchiligidagi delegatsiya yaqinda Yaqin Sharq va Afg’onistonga safar qilgan edi.

“AQSh quvvatlovi, xususan, qurol-aslaha va o’q-dori bizga havodek zarur. Suriya uzra harbiy parvozlar taqiqlansin”, - degan iltijolarni eshitdik deydi Jon Makkeyn.

Suriya muxolifati yetakchilari Vashingtondan gumanitar ko’makni hozirgidek nohukumat tashkilotlar orqali emas, bevosita yetkazishni so’ramoqda. Bu ularning salohiyati va xalqaro mavqeini yanada oshirgan bo’lardi.

Delegatsiya a’zolarining aytishicha, qo’shni davlatlarda jon saqlayotgan qochqinlar AQSh nega Suriyadagi qatliomga ko’z yumayapti, nega yetarlicha harakat qilmayapti, deb shikoyat qilgan.

“Prezident Assad o’zinikida turib olgan. Bu degani, qonli urush hali uzoq davom etadi. Mamlakat turli mazhablarga bo’linib, jihodchi va ekstremistlar uchun qulay makonga aylanadi”, - deydi senator Sheldon Vaytxaus.

Mintaqadagi ahvol bilan tanishib qaytgan qonunchilar nazarida Rossiya va Xitoydan Suriyaga qurol oqimini to’xtatish zarur. AQSh Suriyada va qo’shni davlatlardagi qochqinlar ahvolini yaxshilash uchun faolroq harakat qila oladi, deydi senator Kris Kuns.

Kongress a’zolari mazkur talab va tavsiyalar bitilgan maktubni prezident Barak Obamaga yo’llashgan.

Qo’shma Shtatlar prezident Bashar al-Assadning kuni bitgan desada, yana bir mojaroga bosh suqish, harbiy chora ko’rish fikridan yiroq.

“Xunrezlikni tugatish, yangi muvaqqat hukumat tuzilishini tezlatish uchun xalqaro hamjamiyat birgalikda harakat qilishi lozim”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nuland.

Yilning ilk matbuot anjumanida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun diplomatiya Suriya mojarosini hal qilishga ojiz, deb ta’kidlagan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG