Breaking News

AQSh va Rossiya Ukraina va xavfsizlik kafolatlari bo'yicha kelisha olmadi


AQSh va Rossiya diplomatlarining xavfsizlik kafolatlari bo’yicha Jenevada o’tgan ilk muzokaralarida Ukrainaning NATOga a’zoligi va Yevropa xavfsizligi bo’yicha kelishmovchiliklar bartaraf etilmagan. Tomonlar muloqot davom ettirilishi haqida ma’lum qilgan.

Xalqaro hayot – 11-yanvar, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:09 0:00

7,5 soatlik muzokaralar chog’ida Rossya tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Sergey Ryabkov Moskva talablarini olg’a surgan. Kremlga ko’ra, NATO 1997-yildan keyin unga qo’shilgan mamlakatlarda qo’shin va qurol joylashtirishdan voz kechishi, Ukraina va Gruziyani alyansga qo’shmasligi haqida kafolatlar berishi kerak.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Praysning aytishicha, Amerikaning ayrim masalalar bo’yicha pozitsiyasi o’zgarmaydi.

“Hech kimga “Ochiq eshiklar” siyosatini o’zgartirishga ruxsat bermaymiz, chunki bu alyansning asosiy tamoyillaridan biridir. AQSh bilan ishlamoqchi bo’lgan mamlakatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikdan ham voz kechmaymiz”, - dedi Prays.

AQSh vakillariga ko’ra, Ukrainaning NATOga a’zoligi masalasi Kiyev ishtirokisiz muhokama etilmaydi. Ular Rossiyaning Ukraina chegarasida to’planib turgan ko’p ming sonli qo’shinlari va Ukrainaga ehtimoliy hujum xususida ham gaplashgan.

“Hamkasblarga bizda Ukrainaga hujum qilish niyatimiz yo’qligini va bo’lishi mumkin emasligini, barcha harbiy tayyorgarliklar o’z milliy hududlarimiz doirasida olib borilayotganini tushuntirib berdik”, - dedi Sergey Ryabkov.

Hafta oxirigacha Rossiya NATO va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotida ham muzokaralar olib boradi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, AQSh bilan muzokaralarning birinchi davrasidan so’ng umidlanishga shoshilmaslik kerak. Unga ko’ra, Rossiya muzokaralarni vaqt bilan cheklamoqchi emas, biroq ularning cheksiz cho’zilishiga ham yo’l qo’ymaydi.

Amerikalik diplomat, sobiq prezidentlar Bill Klinton va kenja Jorj Bush ma’muriyatlarida ishlagan Den Frid muzokaralar natija bermasa, Rossiya Ukrainaga hujum qilishi mumkinligini aytdi.

AQShning NATOdagi sobiq elchisi, ayni paytda Chikago global aloqalar kengashi prezidenti Ivo Daalder nazarida, ilk muzokarada yana uchrashishga kelishilgan bo’lsa, shuning o’zi ijobiy natija.

Ukrainalik siyosiy tahlilchi Pyotr Burkovskiyga ko’ra, Rossiya AQSh bilan muzokara yordamida AQSh va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi ishonchga putur yetkazmoqchi.

"AQShni markaziy, sharqiy va shimoliy Yevropani qurollantirish rejasidan qaytarish Rossiyaning uzoq muddatli maqsadiga kiradi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG