Breaking News

Tahlilchilar: Tramp ma'muriyatini mustaqil komissiya tergov qilsin


Prezident Tramp uning xodimlari Rossiya bilan hamtovoq ekani haqidagi da'volarni rad etmoqda. Tramp davlat xavfsizligi maslahatchisi etib tanlagan general Maykl Flin yaqinda ishdan bo'shagan edi.

U, xususan, Rossiya elchisi Sergey Kislyak bilan muloqoti bois lavozimidan ketishga majbur bo'lgan. Tahlilchilar nazarida Tramp ma'muriyati faoliyatini mustaqil komissiya tergov qilishi kerak.

Prezident Tramp Flinning ishdan ketishida matbuot va razvedkani ayblamoqda.

General Flinga adolatsiz muomala qilindi, dedi u.

Bu orada, Tramp ma'muriyati xodimlari va Kreml rasmiylari bir necha bor telefonda gaplashgani haqida xabarlar bor. Prezident bunga ham aniqlik kiritishi kerak.

Rossiya rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov o'rtada hech qanday muloqot bo'lgan emas, deydi.

"Gazetalardagi uydirma bu, hech qanday dalil yo'q", - deydi Peskov.

Xalqaro hayot - 16-fevral, 2017-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:14 0:00

Respublikachi va demokratlar Rossiyaning Amerikadagi prezident saylovlariga aralashgani haqidagi da'volar mustaqil tergov qilinishi kerak degan fikrda. AQSh va Rossiya rasmiylarining muloqoti ham oshkor qilinishi lozim, deydi ular. Biroq respublikachilar har qanday tergov prezidentga ziyon qilmasligiga ishonch hosil qilmoqchi, deydi tahlilchi Klaus Larres.

Uningcha, tergovni har ikki partiya vakillaridan iborat xolis komissiya o'tkazishi kerak.

"Aynan mustaqil komissiya ishni to'laqonli bajara oladi. Prezident Niksonning kirdikori ham shunday tarzda fosh qilinganini eslang", - deydi Larres.

Bu orada, Oq uyning bildirishicha, Rossiya qanotli raketani sinab, 30 yillik kelishuvni buzgan. 1987-yilda erishilgan, sovuq urush yillariga yakun yasagan bitimga ko'ra, AQSh va Rossiya kichik va o'rta masofaga uchadigan raketalarni sinamasligi, ulardan xalos bo'lishi kerak.

2014-yilda Davlat departamenti Rossiya ana shu xildagi raketani yaratib uni sinovdan o'tkazayotgani bois norozi bo'lgan edi. Rossiya bu da'voni rad etgan.

Seshanba kuni Vashington Rossiya bunday raketani ishlab chiqishda ancha ildamlaganini tasdiqladi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg xavotirda.

"Xalqaro anyans uchun xavfli xabar bu. Kelishuv bir necha xildagi xatarli, yadroviy qurollardan qutulishga xizmat qilgan edi. Bu qurollar Yevropa va NATO ittifoqchilari xavfsizligiga tahdiddir", - deydi u.

Amerika Mudofaa vaziri Jeyms Mattis mazkur xabarga izoh bermayapti, biroq AQSh NATOni qo'llab-quvvatlashini aytmoqda.

Rossiya rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml xalqaro kelishuvlar, jumladan, qurol-yarog'ga taalluqli bitimlarga amal qilishda davom etadi, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG