Breaking News

Jorjiyadagi saylovda ikki demokrat nomzoddan biri AQSh Senatiga saylandi


Ruhoniy Rafael Vornok Jorjiya shtatidan AQSh Senatiga saylangan ilk qora tanli
Ruhoniy Rafael Vornok Jorjiya shtatidan AQSh Senatiga saylangan ilk qora tanli

Jorjiya shtatida AQSh Senati uchun o’tgan saylovning ikkinchi bosqichida bellashgan ikki juftlikning birida g’olib aniqlandi. Demokratik partiyadan nomzod, ruhoniy Rafael Vornok Senatda o’z o’rnini saqlab qolish uchun kurashgan respublikachi Kelli Lofflerni mag’lub etib, Jorjiya shtatidan AQSh Senatiga saylangan ilk qora tanli bo’ldi.

Vornok 40 mingdan oshiq ovoz farq bilan g’alaba qozondi.

“Saylovni yuta olmaysizlar deb aytishgan edi bizga. Biroq umid, qattiq mehnat, xalq qo’llovi bilan hamma narsaga erishish mumkinligini namoyish etdik”, - dedi Vornok saylovchilariga yo’llangan murojaatida.

Ikkinchi juftlikda ham demokrat nomzod amaldagi respublikachi senator bilan bellashmoqda. G’olib hozircha e’lon qilingani yo’q. Televizion hujjatli filmlar prodyuseri Jon Ossoff qayta saylanish ilinjida bo’lgan Deyvid Perdyudan 16 mingga ko’p ovoz olgan.

Vornokning g’alabasi hisobiga Demokratik partiya 100 a’zolik Senatda 49 ta o’ringa ega bo’ldi. Agar Ossoff ham g’alaba qozonsa, kuchlar tenglashadi, biroq yangi saylangan vitse-prezident Kamala Harrisning demokrat ekani hisobga olinsa, kelasi ikki yilda qonunchilikdagi bahslar demokratlar foydasiga hal bo’lishi muqarrar. Konstitutsiyaga ko’ra, Senat raisi hisoblangan vitse-prezident qonun loyihalari bo’yicha ovozlar teng bo’lgan taqdirda hal qiluvchi ovozga ega. Bu esa 20-yanvar kuni yangi prezident sifatida qasamyod keltirishi kutilayotgan Jo Baydenning Oq uydagi faoliyatini yengillashtiradi.

Demokratlarning Vakillar palatasida son jihatdan ustun ekani hisobga olinsa, Bayden sog’liqni saqlash tizimini yaxshilash, Donald Tramp prezidentligi paytida atrof-muhit muhofazasiga doir bo’sh qo’yilgan qoidalarni kuchaytirish, muhojirlarga fuqarolik olishni yengillashtirish kabi choralarni to’siqsiz amalga oshirish imkoniga ega bo’ladi.

Respublikachilar Senatdagi bir a’zolik ustunligini saqlab qolsa, Bayden ma’muriyati va respublikachi senatorlar turli masalalarda tortishib, muzokaralar cho’zilishi ehtimoli paydo bo’ladi. Biroq buning uchun senator Perdyu Jorjiya shtatidagi demokrat raqibi Ossoffdan o’zib ketishi kerak, ammo hozircha u 16 mingga kam ovoz to’plagan.

Jorjiyada saylovchilar seshanba kuni faol bo’lgani aytilmoqda. 3 million odam erta ovoz berganiga qaramay, saylov kuni uchastkalarda katta navbatlar kuzatilgan.

3-noyabr prezident saylovida 5 million jorjiyalik qatnashib, 1992-yildan beri ilk bor demokrat nomzodni prezidentlikka loyiq deb topdi. Bayden shtatda 12 ming ovoz farq bilan g’alaba qozondi. Tramp 2016-yil saylovida Jorjiyada Xillari Klintonga qaraganda 230 mingga ko’p ovoz olgan edi.

Odatda saylovlarning ikkinchi bosqichida kamroq odam qatnashadi, biroq Jorjiyada noyabrda saylovga chiqmagan salkam 100 ming odam 5-yanvar ovoz berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG