Amerika qizlari liberalizm tarafdori

  • Amerika Ovozi

Liberalizm Amerikada qizlar orasida tezlikda kengayib bormoqda. Hillari Klinton singari arboblar bu to'lqin yetakchilaridir.

Amerika oliygohlarida xotin-qizlar o’zini asosan liberal qarashdagi fuqaro sifatida tanishtiradi. Liberalizm ular orasida tezlikda kengayib bormoqda. Erkaklar orasida esa aksini kuzatasiz. Ular asosan konservativ qarashga ega.

Bu boradagi so’nggi izlanishlarda 184 universitet va kollejdan 138 ming talaba qatnashgan. Eslatib o’tamiz, kollejlar Amerikada universitetlarning bir qismi yoki alohida oliygoh bo’lib, bakalavrlik darajasini taklif qiladi.

Odatda amerikalik yoshlar o’zlarini mo’tadil qarashdagi insonlar deb biladi. Ya’ni, u qadar chapda ham emas, o’ngda ham emas.

Lekin 2016-yildagi prezident saylovlari paytida qizlarning 41 foizi liberal ekanini aytib, Donald Tramp nomzodligini qoralagan.

Ayollar orasida bu qadar so’l qarash tarixda kuzatilmagan, deydi siyosatdonlar. O’g’il bolalarning 21 foizigina bunday yondashuvga ega ekanini aytgan. Ularning 27 foizi va qizlarning atigi 18 foizi konservativ partiya nomzodini quvvatlagan.

Yoshlar nima istaydi? Imkoniyatlar.
Yoshlar nima istaydi? Imkoniyatlar.

1960-70 yillarda, deya eslaydi Kevin Igan, Kaliforniya universiteti professori, liberallar orasida erkaklar aksariyatni tashkil etar edi. 1990-yillardan beri xotin-qizlar orasida liberallar ko’payib, bugun ular yirik siyosiy kuchga aylangan – saylovchi va professionallar sifatida.

Kuchli va salohiyatli liderlar yoshlarni o’ziga qaratishi tabiiy. Ronald Reygan rahbarligi davrida respublikachilarga ko’plab yigitlar ergashgan bo’lsa, Hillari Klinton demokratlar yulduzi sifatida Oq uyga intilgan yillarda qizlar liberallarga qo’shildi.

Yoshlarni ilhomlantiradigan yetakchilar kerak. Barak Obama, deydi siyosatdonlar, shubhasiz, 21-asr boshidagi eng kuchli lider. Amerikaning hech bir prezidenti o’z yurtida va dunyo bo’ylab o’ziga bu qadar ko’plab yoshlarni ergashtira olmagan.

Trampni quvvatlovchilar orasida yoshlar kam. Lekin baho berishga shoshmang, deydi tadqiqotchilar. Uni prezidentlikka olib kelgan iqtisodiy-ijtimoiy sabablar chuqur va murakkab.

Nisha Ruter, Viskonsin universiteti talabasi
Nisha Ruter, Viskonsin universiteti talabasi

Nisha Ruter – Viskonsin universiteti talabasi. U liberal emas, shuningdek, ayol nomzodga ayolligi uchun ovoz berishni ma’qul ko’rmadi.

Nisha Vermont shtati senatori, sotsial-demorkat Berni Sandersga ergashdi. Talaba kapitalizm haddidan oshib ketgan, korrupsiyalashgan tuzum deb biladi. Sotsial mafkura tarafdori. Hukumat ijtimoiy himoyani kengaytirishi, fuqarolar ravnaq topishi uchun yaqindan yordam berishi kerak, deb hisoblaydi.

Biroq Sanders nomzodlikni Klintonga boy berdi. Nisha shundan keyin Klinton tarafiga o’tdi. Chunki, deydi u, kelajak liberal hayotga asoslanishi kerak. Xotin-qizlar o’z salomatligi va turmushi bilan bog’liq qarorlarni o’zlari xohlaganicha qilishi kerak, erkaklar bu masalalarga aralashmasligi lozim. O’qish, ish va turmushda ayollar uchun erkaklarga bilan teng imkoniyatlar va sharoit yaratilishi zarur.

Liberalism progressga yetaklaydi, deya ishonadi Nisha. Liberal fikr-qarashsiz inson bugungi taraqqiyotga erishmagan bo’lar edi.

Garvard universiteti bitiruvchilari
Garvard universiteti bitiruvchilari

Gans Noel, Jorjtaun universiteti professori, qiziq bir faktni keltiradi. Oliy ma’lumotsiz ayollarning 61 foizi Trampga ovoz bergan. Asosiy sabablaridan biri shundaki, ular kichik bizneslarda mehnat qiladi. Tramp esa xususiy sektorga imtiyozlar berib, soliqni kamaytirishni va’da qilgan.

Noel deydiki, kollej va universitetlar odatda liberal qarashlarni targ’ib qiladi. Xotin-qizlar, tabiiyki, ularning manfaatini hisobga oluvchi, erkinlikni kengaytiruvchi siyosatni olqishlaydi.

Siyosatga qiziqadigan va o’z fikriga ega yoshlar ko’p. 18-35 yosh orasidagi fuqarolar Amerikada saylovchilarning 31 foizini tashkil etadi. Biroq 2016-yilda ularning atigi yarmi ovoz bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG