AQSh: Suriya armiyasi kimyoviy hujum uyushtirishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Damashq, Suriya

AQSh Mudofaa vazirligi va Oq uyning ogohlantirishicha, Suriya hukumati kimyoviy hujum uyushtirishi mumkin. Hukumat bu ishga qo’l ursa, deydi Prezident Donald Tramp matbuot kotibi Shon Spayser, Suriya Prezidenti Bashar Assadga sodiq armiya nishonga olinadi.

Spayserning o’rinbosari Sara Sandersning aytishicha, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi, Markaziy razvedka boshqarmasi va Tramp ma’muriyatining boshqa a’zolari vaziyatni yaqindan kuzatmoqda.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli seshanba kuni Kongress Vakillar palatasi qo’mitasida hisobot berdi. Unga ko’ra, Suriya hukumatiga ittifoqdosh Rossiya va Eronga ham ogohlantirish berilgan.

“Assad o’ta zolimdir. U hokimiyat tepasida qolsa, mamlakatda tinchlik bo’lishiga ishonmayman”, - dedi elchi.

Suriya rahbari seshanba kuni Rossiyaning mamlakatdagi Hmeymim aviabazasiga tashrif buyurdi. Damashq va Moskva Vashingtonning kimyoviy hujum rejalanayotgani haqidagi da’volarini safsata dedi.

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Tramp ma’muriyati bu kabi bayonotlar chiqarishdan oldin dalillar borligiga amin bo’lishi zarur.

Aprel oyida Qo’shma Shtatlar Suriya hukumatini Idlibda kimyoviy qurol ishlatganlikda ayblab, harbiy aerodromni qanotli raketalar bilan urgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG