Breaking News

AQSh va Rossiya Qrim bilan ovora, Suriya masalasi qayda qoldi?


Suriyada urushning to’rtinchli yili boshlanmoqda. AQSh va Rossiya orasida Ukraina sabab sovuqlashgan aloqalar Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada og’irlashtirishi mumkin. Arab dunyosi va xalqaro sahnalarda shunday xavotirlar yangramoqda. Millionlab odam boshpanasiz. Suriya vayron.

Suriya masalasi - Amerika, Rossiya va jahon - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:10 0:00
Yuklab oling

Damashq ko’chalarida namoyishlar.

Yuzlab fuqaro prezident Bashar al-Assadni quvvatlab ko’chaga chiqqan. U Suriya rahbari bo’lib qolsin, deydi ular.

Yashasin armiya, yashasin birdamlik degan hayqiriqlar.

Muhammad al-G’azaliy namoyishchilardan biri:

“Prezidentimiz doktor Bashar al-Assad tarafidamiz. Tinchlik istaymiz. Tartibsizlikka qarshimiz. Suriya xalqi birdam yashay oladi”.

Namoyishlarga kutilmaganda prezidentning o’zi ham qo’shildi. Urush sabab uy-joyidan ayrilgan oilalar holini so’rab, ularga yordam va’da qildi.

Suriya hukumatining bildirishicha, yaqin oylarda saylov o’tadi va Bashar al-Assad qayta saylanish umidida.

BMT-Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Brahimiy esa bu xavfli deydi.

“Saylov o’tadigan bo’lsa, muxolifat prezident bilan har qanday muzokaradan bosh tortadi, bu degani urush davom etaveradi”.

AQSh va Rossiya bu urushda turli tomonda bo’lsa-da, Suriyani kimyoviy qurollardan tozalash uchun hamkorlik qilayotgan edi.

Hozir esa ular Qrim masalasi bilan ovora va bu borada ham qarama-qarshi pozitsiyada. Bashar al-Assad vaziyatdan foydalanib qolishi mumkin, deydi siyosatdonlar.

Iste’fodagi diplomat, sobiq elchi Jeyms Jefri:

“Suriyada ahvol chatoq va uni nazardan qochira olmaymiz. Gap bu yerda AQSh-Rossiya aloqalari xususida emas, Yaqin Sharq kelajagi haqida ketmoqda. Shunday ekan, biz faolroq, dadilroq va tezroq harakat qilishimiz kerak”.

Suriya armiyasi bayonotiga ko’ra, muxolif kuchlar tor-mor qilinmoqda.

Rossiya Damashqni qurol bilan ta’minlab turibdi. Terroristlarga qarshi kurashda yordam bu, deya bildiradi Kreml.

Jahon e’tibori Ukrainada ekan, Rossiya uchun Suriya hozir u qadar muhim emas, deydi ayrim arboblar.

Iste’fodagi diplomat, sobiq elchi Adam Ereli:

“Rossiya o’zi bilan ovora, qo’shni davlatning ichki ishlariga bosh suqib, bu mojaroni qanday tugatish haqida o’ylanayapti. Bashar al-Assad bilan uncha ishi yo’q hozir Kremlning”.

Amerika-Rossiya munosabatlarining keskinlashishi nafaqat Suriya balki qo’shni davlatlar bilan bog’liq masalalar yechimini ham orqaga surishi muqarrar.

Jumladan Eron atom dasturi yuzasidan muzokaralar va Isroil-Falastin orasidagi muloqot sekinlashadi.

Obama ma’muriyati uchun bular dolzarb masalalar. Diplomatiya susaymoqda. Siyosatshunos olim Kith Darden:

“Agar Rossiya va Amerika til topisha olmasa, buning ta’sirini xalqaro siyosiy maydondagi har bir masala muhokamasida ko’ramiz, sezamiz”.

Bashar al-Assad 2007-yilda qayta saylangan edi. Ovozlarning 97 foizi unga berilgan, deya e’lon qilingan edi. Bu safar ham Assad o’zi xohlaganicha ish tutsa ajabmas, deydi ekspertlar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG