Breaking News

AQSh Afg'onistonda xavfsizlik yomonlashganini tan olmoqda


Tolibon jangarilari

AQSh rasmiylari Afg’onistonda xavfsizlik tez yomonlashayotganini tan olarkan, Tolibon zo’ravonliklarini to’xtatishga harakat qilishayotganini aytishadi.

Xalqaro hayot – 11-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:20 0:00

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, AQSh mudofaa vaziri vaziyatdan xavotirda, biroq afg’on xavfsizlik kuchlarining salohiyatiga, qobiliyatiga, jang maydonida yutuqlarga erisha olishiga ishonadi.

Kirbi Qo’shma Shtatlar oddiy afg’onlar taqdiridan xavotirda ekanini aytdi.

“Bu ularning mamlakati, ularning qurolli kuchlari, ularning poytaxtlari, ularning xalqi. Hamma gap rahbariyatda. Aynan hozir ular nimaga qodir ekanini ko’rsatishlari kerak”, - dedi Pentagon rasmiysi.

Jurnalistlarning “Prezident Jo Bayden afg’on xavfsizlik kuchlarining Tolibonga qarshi ojizligidan xafsalasi pirmi” degan savoliga Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki shunday javob berdi:

“Xunob bo’lishning mavridi emas hozir. Prezidentning fikri shuki, afg’onlar so’nggi 20 yilda bizdan olgan yordamni, tayyorgarlikni, maslahatlarni ishga solishi kerak”, - dedi Psaki.

Vashingtonlik bir siyosatshunosning aytishicha, Bayden oldida muhim qaror turibdi.

“Qo’shma Shtatlar Tolibonning mamlakatni egallab olishiga yo’l qo’ymaslik uchun qanchalik harakat qilishiga qaror berishi kerak. Bu borada AQSh havodagi qudratini ishga solishi mumkin. Biz hozircha vaziyatga jiddiy ta’sir qiluvchi bu masalada bir to’xtamga kelmadik”, - deydi Brukings tahlil institutidan Maykl Oxanlon.

Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning aytishicha, maxsus elchi Zalmay Xalilzod va uning jamoasi Tolibon bilan muloqot uchun Qatarning Doxa shahriga qaytgan, inqirozga barham berish yo’llarini qidirmoqda.

“Xalilzod Tolibondan harbiy hujumlarini to’xtatib, muzokara orqali siyosiy kelishuvga erishishni talab qiladi”, - deydi Prays.

Biroq ayrim tahlilchilar ko’p umidlanmaslikka chaqiradi.

“Shu on masala hal bo’lishini kutmagan bo’lardim. Ammo Tolibonga bosim qo’yishga va umidlarimizga tuzatish kiritishga bir imkoniyatdir bu”, - deydi AQSh Tinchlik instituti eksperti Skott Uorden.

Amerikaning Tolibonni hokimiyatga keltirmaslikka qaratilgan so’nggi harakatlari AQSh oliy qo’mondoni, Prezident Baydenning qo’lida.

Tolibon o’tgan shanbadan beri shimolda bir necha viloyat markazlarini ishg’ol qildi va ayni damda Balx viloyati poytaxti Mozori-Sharifga hujumlarni kuchaytirmoqda. Shahar mudofaachilarini qo’llab-quvvatlash maqsadida Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani bugun Mozori-Sharifga bordi.

Mamlakat shimoli so’nggi yillarda Tolibondan eng xavfsiz mintaqa hisoblanardi. Bugunga qadar toliblar Afg’onistonning 65 foizini nazorat qilmoqda.

Bugun Badaxshon viloyati markazi Fayzobod ham jangarilarga taslim bo’ldi.

Viloyatdan salkam 20 kilometr narida esa Rossiya, O’zbekiston va Tojikiston qo’shinlari birgalikda mashqlar o’tkazdi.

Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzoning aytishicha, AQSh kuchlari Afg’onistonni tark eta boshlashi bilan terrorchi guruhlar faolligi oshgan.

Tolibon Bag’lan viloyatidagi yirik shahar Puli-Xumrini ham egallaganini da’vo qilmoqda. Bugun Tolibon ijtimoiy sahifalarda tarqatgan videoda bir guruh qurollangan odamlar shuni ma’lum qilgan. “Reyter” axborot agentligi videodagi joyning Puli-Xumri ekanini tasdiqlashga muvaffaq bo’lgani bilan video qachon tasvirga tushirilganini hozircha aniqlay olmayapti. Yolg’on da’volar qilish toliblarga xos taktika.

Bu o'rtada Afg’oniston Toliboni bilan yaqin aloqaga ega Pokiston rasmiylariga ko’ra, Islomobod guruhni hukumat bilan urushni bas qilib, muzokaraga qaytishga ko’ndirishga “qattiq harakat qilmoqda”.

Shu bilan birga, Pokiston Tolibonning harbiy muvaffaqiyatlari ortida Islomobod turgani haqidagi da’volarni inkor etyapti.

Pokiston milliy xavfsizlik maslahatchisi Moid Yusuf Afg’oniston xavfsizlik kuchlarining jang maydonidagi harakatlarini tanqid qilar ekan, Pokiston qo’shni Afg’onistondagi davomiy beqarorlikdan manfaatdor emasligini aytadi.

“Afg’onistonda amerikaliklar bir trillion dollar sarflaganini, pulning katta qismi milliy xavfsizlik kuchlari tayyorgarligiga ketganini bilamiz. Axir Pokiston ularga “taslim bo’linglar” deb aytmayaptiku! Yaxshi jihozlangan va tayyorlangan qo’shinlarga nima bo’ldi? Qarshi tarafda eng ko’pi bilan minomyot va raketa bor. Trillionlab dollar pul qayerga ketganini tushuna olmayapmiz. G’arb davlatlari ham shu savolni berishi kerak”, - deydi Yusuf.

Uning aytishicha, Pokiston Afg’onistondagi urushda AQShni qo’llab-quvvatlagani uchun mahalliy jangarilar qarshiligiga uchrab, 80 mingdan ziyod odamini yo’qotgan, 150 milliard dollar miqdorida iqtisodiy zarar ko’rdi.

Afg’oniston Mustaqil inson huquqlari komissiyasining raisasi Shahrizod Akbarning aytishicha, mamlakatdagi inqirozni kuchaytirishda afg’on hukumatining ham aybi bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG