Breaking News

Tolibon va AQSh vakillari Doxada yana uchrashmoqda


AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod (o'ngda) va Tolibon vakili Mulla Birodar
AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod (o'ngda) va Tolibon vakili Mulla Birodar

Qatar poytaxti Doxada AQSh va Tolibon rasmiylari o’rtasida navbatdagi muzokaralar boshlandi. Bu galgi muloqot darajasi oldingilariga qaraganda yuqoriroqdir, chunki Tolibon delegatsiyasiga harakat asoschilaridan biri Mulla Abdul G’ani Birodar rahbarlik qilmoqda.

Xabarlarga ko’ra, Mulla Birodarni muzokaralarda qatnashishga Qatar tashqi ishlar vaziri ko’ndirgan va uni Doxaga Qatarga qarashli xususiy samolyot olib kelgan.

AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili, Amerikadan bosh muzokarachi Zalmay Xalilzod bunday martabali delegatsiya vakillari bilan muhim kelishuvga erishish mumkinligiga umid qilmoqda. Xalilzod va Mulla Birodar 26-fevral kuni o’zaro muloqot qildi.

Tomonlar tinchlikka yetaklovchi shartlar xususida gaplashmoqda. AQSh Tolibonni barcha jangovar harakatlarni to’xtatib, Afg’oniston hukumati bilan bevosita muloqot qilishga, mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda qatnashishga, Afg’oniston hududida AQShga qarshi terror xurujlarini rejalashga ortiq yo’l qo’ymaslikka chaqiradi. Tolibon esa Qo’shma Shtatlardan qo’shinlarini olib chiqishni talab qilmoqda. Ayni damda Amerikaning Afg’onistonda 12 ming askari qolgan.

Doxadagi muzokaralarda afg’on hukumatidan vakillar yo’q; toliblar AQSh askarlari Afg’onistonni tark etmaguncha hukumat bilan gaplashishni istamaydi.

Mulla Birodar Tolibonning 2013-yilda vafot etgan rahbari Mulla Umarning o’rinbosari bo’lgan. U 2010-yil boshida AQSh va Pokiston razvedkasi tomonidan ushlanib, Pokistonda hibsda saqlangan, o’tgan yili AQSh iltimosiga ko’ra ozod etilgan. Shundan so’ng u harakatning Doxadagi diplomatik idorasiga rahbar etib tayinlandi.

Mulla Umarning kenja ukasi Abdul Mannon Umari ham muzokaralarda qatnashmoqda.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Mulla Birodarning AQSh vakillari bilan muzokaralarda ishtirok etayotgani ba’zi masalalarning tezroq hal etilishiga yordam beradi.

Tolibon muzokarachilari guruhi so’zlovchisi Suhayl Shahinning aytishicha, taraflar avval masalaning tashqi tomoniga kelishishi kerak, ya’ni xorijiy qo’shinlarning chiqarilishiga.

“Bu borada kelishuv bo’lganidan keyingina hukumat bilan tinchlik muloqoti kabi ichki masala bo'yicha gaplashamiz”, - deydi Shahin.

Har yil bahor kelishi bilan Tolibon odatda hujumga o’tadi. Doxada muzokara o’tayotganiga qaramay, islomiy harakat an’anadan voz kechmoqchi emas.

“Shartnomaga kelishib, barcha afg’onlarni o’z ichiga oluvchi islomiy hukumat shakllanib bo’lganidan keyingina bahorgi hujumga yoki umuman urushga hojat qolmaydi”, - deydi Tolibon rasmiysi.

O’tgan yili ichki nizo mamlakat bo’ylab 3804 odam o’limiga sabab bo’ldi. 2001-yil oktabrida Afg’onistonda harbiy harakat boshlagan shu davr mobaynida Qo’shma Shtatlar salkam 2300 askarini yo’qotgan.

Kelasi oy Afg’oniston hukumati qabilaviy yetakchilardan iborat oliy kengash majlisini o’tkazmoqchi. Iyul oyida bo’ladigan saylovlarda qatnashishga hozirlanayotgan va ikkinchi muddatga saylanishga umid qilayotgan Prezident Ashraf G’ani barchani tinchlik uchun bel bog’lashga chaqirmoqda.

“Tinchlikka da’vat etarkanmiz, hech kimga yalinmaymiz”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG