Breaking News

Tolibon AQShning yangi hukumati bilan muzokara boshladi


Tolibon delegatsiyasi Doxada (Qatar). Arxiv surat. 12-sentabr, 2020-yil

Afg’onistonning Tolibon harakati AQShning yangi ma’muriyati bilan tinchlik muzokaralarini boshlaganini bildirmoqda. 2020-yil fevralida Qatarda imzolangan bitimga muvofiq Qo’shma Shtatlar joriy yil 1-mayigacha qo’shinlarini Afg’onistondan olib chiqishi kerak, biroq Amerikada prezident va hukumat almashib, kelishuvga tuzatish kiritishga ehtiyoj tug’ildi.

Tolibon vakilining bildirishicha, harakatning siyosiy rahbari o’rinbosari Abdul G’ani Birodar va AQSh maxsus vakili Zalmay Xalilzod yetakchiligidagi delegatsiyalar shu juma Doxada uchrashgan. Tramp ma’muriyati tomonidan muzokarachi lavozimiga tayinlangan Xalilzod Oq uyda tarkibi yangilanganiga qaramay, o’z ishida qoldi.

Tolibon Prezident Ashraf G’ani boshqaruvini tan olmas ekan, afg’onlar o’rtasidagi muzokaralar natijasida islomiy hukumat shakllanishi kerak deb hisoblaydi.

G’anining 6-mart kuni aytishicha, buni xalqaro hamjamiyat nazoratida o’tadigan halol va erkin saylovlar hal qilishi kerak. U konstitutsiyaning o’zgartirilishiga qarshi.

“Saylov kunini maslahatlashib belgilaymiz. Hokimiyat faqat saylov orqali topshirilishi kerak. Boshqasiga rozimasmiz”, - dedi davlat rahbari Milliy majlisning uchinchi sessiyasi ochilishidan oldin.

G’ani ikkinchi besh yillik muddatga ikki yil oldin saylangan. Xalilzod Tolibon bilan muzokara qilayotgan afg’on hukumati rasmiylari, fuqarolik jamiyati yetakchilari hamda siyosiy arboblar bilan maslahatlashuv uchun Qatarda 3 kun bo’ldi. Unga Afg’onistondagi xalqaro harbiy koalitsiya qo’mondoni, AQSh generali Skott Miller hamrohlik qildi.

"Tomonlar Doxa kelishuviga sodiqligini bildirib, uni to’liq bajarish xususida gaplashdi. Afg’onistondagi vaziyat, ichki afg’on muzokaralarining sur’ati va samarasi ham muhokama etildi”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Tolibon so’zlovchisi Muhammad Naim.

Unga ko’ra, Xalilzod Afg’onistonda muvaqqat hukumat tuzilishini muhokama etishga qaratilgan xalqaro anjumanni o’tkazishga doir rejalari bilan o’rtoqlashmagan.

Tolibon AQSh bilan imzolangan bitim orqali mamlakatda xorijiy qo’shinlar amaliyotiga chek qo’ymoqchi, bir-biriga hujum qilmaslikka kelishib olgan.

Jangarilar Amerikaga tahdid solayotgan, unga qarshi xuruj uyushtirishni rejalayotgan terrorchi guruhlar, jumladan al-Qoida bilan aloqani uzish majburiyatini ham olgan.

Tolibon afg’on hukumati va boshqa guruhlar bilan muzokaralarni o’tgan yil sentabrida boshlaganiga qaramasdan, olg’a sijish yo’q. Aksincha mamlakat bo’ylab zo’ravonliklar kuchaygan.

Natijada Bayden ma’muriyatida milliy xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi rasmiylar Tolibon bilan imzolangan bitimni qayta ko’rib chiqishga kirishdi, qo’shinlarni maygacha chiqarish muddatini uzaytirish ustida o’ylanmoqda.

Afg’on tinchlik jarayonini tezlashtirish maqsadida Xalilzod BMT homiyligida xalqaro anjuman o’tkazishni taklif etgani aytiladi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning aytishicha, Afg’oniston kelajagini oxir-oqibatda afg’onlarning o’zi hal qiladi.

“Muzokaralar natijasi afg’on xalqi xohishi va irodasini aks ettirishi kerak. Ittifoqchilarimiz, hamkorlar, mintaqadagi mamlakatlar bilan tinchlik jarayoniga kollektiv turtki berish, uni tezlashtirish yo’llari xususida gaplashyapmiz”, - deydi rasmiy.

AQSh Kongressining Qurolli kuchlar qo’mitasi raisi, demokrat qonunchi Adam Smit xorijiy askarlarning may oyigacha Afg’onistondan chiqarilishiga shubha bilan qaramoqda.

“U yerdagi ishtirokimiz ko’lamli bo’lishi shart emas, ammo strategik ahamiyatga ega bo’lishi lozim. Mana shuning yo’lini topishimiz kerak”, - dedi u.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Tolibon xorijiy kuchlarni chiqarish muhlatini uzaytirishga ko’nmasligi mumkin, agar buning evaziga biror narsa undirib olmasa, masalan, afg’on qamoqxonalaridagi 7500 a’zosining ozod etilishini yoki rahbarlarining BMT qora ro’yxatidan chiqarilishini.

“Agar AQSh jadvalni bir tomonlama uzaytirsa, mavhumlikka yuz tutishimiz mumkin, chunki Tolibon nazarida, urush tugashini AQSh xohlayapti, Tolibon emas. Jangarilarga qolsa, ular yana 20 yil jang qilishi mumkin”, - deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida xalqaro aloqalar va Yaqin Sharq siyosati bo’yicha professor Vali Nasr.

Uning nazarida, Tolibonning ichki kuchlar va guruhlar bilan kelishishi oson bo’lmaydi.

"Doxa jarayoni jang qilayotgan ikki tomonni harbiy harakatlarni to’xtatishga undovchi kelishuv sifatida rejalangan”, - deydi mutaxassis.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG