Breaking News

AQSh-Tolibon muzokaralari davom etmoqda


Qatardagi muzokaralar
Qatardagi muzokaralar

AQSh Davlat departamentiga ko’ra, maxsus elchi Zalmay Xalilzodning Tolibon vakillari bilan Qatarda muloqoti davom etmoqda. Tomonlar AQSh yetakchiligidagi xorijiy qo’shinlarni Afg’onistondan chiqarish xususida gaplashmoqda. Tolibon shu shart bilangina Afg’oniston hukumati bilan tinchlik xususida muzokaraga tayyor.

Tolibonning Afg’onistondagi jangovar harakatlari, tinch aholiga qarshi qonli xurujlari terrorizm deya ko’rilsa-da, Qo’shma Shtatlar Tolibonni xorijiy terror guruhlari ro’yxatiga qo’shmagan.

AQSh 2001-yil 11-sentabr xurujlari Afg’onistonda rejalangan deya, o’sha yil oktabrida Tolibon va al-Qoida guruhiga qarshi urush boshlagan edi. 17 yillik harbiy amaliyotlardan so’ng Tolibon yengilmagan, mamlakatning yarmini nazorat qilmoqda.

Qo’shma Shtatlarning Afg’oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralarini boshlash da’vatiga Tolibon rasmiy Kobulni Amerikaning qo’g’irchog’i deb, AQSh bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokara qilmoqchi ekanini aytgan. O’tgan yil yozidan beri ana shunday muzokaralar bo’lib o’tmoqda, asosan, Qatar poytaxti Doxada.

AQSh al-Qoidani terrorchilar guruhiga qo’shgani bilan unga Afg’onistonda qo’nim bergan Tolibon bu ro’yxatga kiritilmagan. Tolibonni terrorchi deb tamg’alash tinchlik muzokaralari o’tkazishni ancha qiyinlashtirgan bo’lardi, chunki Amerika terrorchilar bilan muzokara qilmaydi, deydi AQSh rasmiylari.

Tolibon afg’on hukumati bilan kelishib, mamlakat boshqaruvida qatnashsa, afg’on ayollarining jamiyatdagi roli va huquqlari nima bo’ladi?

AQSh davlat kotibi so’zlovchisining o’rinbosari Robert Palladinoning aytishicha, agar Tolibon afg’on hukumati bilan muzokaraga ko’nsa, hukumat muzokarachilari tarkibiga muxolif partiyalardan a’zolar, fuqarolik jamiyati vakillari, yoshlar va ayollar ham kiradi.

"AQSh aynan shunday yondashuvni targ’ib qilmoqda", - deydi u.

Agar Xalilzodning Tolibon bilan muzokaralarida sezilarli natijalar bo’lsa, Davlat kotibi Mayk Pompeo jarayonda bevosita qatnashish rejasi borligini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG