Breaking News

AQSh: Erondagi terrorist uchun 10 million dollar


AQSh: Erondagi terrorist uchun 10 million dollar
AQSh: Erondagi terrorist uchun 10 million dollar

Qo’shma Shtatlar suriyalik Yaziddin Abdul Aziz Halil qo’lga olinishi uchun yordamlashgan odamga 10 million dollar mukofot puli va’da qilmoqda. Bu shaxs, deydi Davlat departamenti rasmiylari, Erondan turib faoliyat yuritadi va al-Qoidaning suyangan tog’i.

Razvedka ma’lumotlariga ko’ra, Yaziddin Abdul Aziz Halil terror guruhining bosh hisobchisi va moliyaviy boshqaruvchisi.

Qisqacha Yasin al-Suriy sifatida tanilgan bu odam Suriya pasportida yuradi va Eron hukumati uning ishlaridan xabardor. Tehron uning faoliyatiga monelik qilmaydi, deydi Amerika rasmiylari.

Robert Xartung, Davlat departamentida Diplomatik xavfsizlik idorasi rahbar o’rinbosari, mukofot haqida e’lon qilar ekan, al-Suriy al-Qoida uchun butun Fors ko’rfazi davlatlari bo’ylab moliya to’playdi va guruh a’zolarining Eron orqali o’tishi va bu mamlakatda yurishi uchun yordam berib keladi, deydi.

Yaziddin Abdul Aziz Halil
Yaziddin Abdul Aziz Halil

“Erondagi qarorgohidan turib, al-Suriy al-Qoidaning Pokiston va Afg’onistondagi yetakchilari bilan yaqindan ishlab keladi. Jangarilarning Eron qamoqxonalaridan ozod etilib, Pokistonga qaytishi uchun ko’maklashgan. Afg’oniston va Iroqdagi terror kuchlarini moliyalab keladi. Al-Suriy mohir terrorist va Eron hukumati yordami bilan harakat qiladi”, - deydi Robert Xartung.

AQSh qo’lida al-Suriy va islomiy respublika orasidagi hamkorlikni tasdiqlovchi ma’lumotlar bor, deydi rasmiy.

Eron uzoq yillardan beri Amerika tomonidan “terrorizm homiysi” deb qaraladi, lekin Tehron barcha ayblovlarni rad etib keladi.

Shu yilning iyulida AQSh Moliya vazirligi al-Suriy va uning besh sherigini qora ro’yxatga qo’shib, ularning bu davlat moliya tizimlari bilan aloqa qilishini to’sgan edi.

1984-yildan beri “Adolat uchun mukofot” deb atalgan dastur doirasida 70 dan ziyod terroristlarning ushlanishi uchun yordamlashgan odamlarga 100 million dollardan ortiq pul to’langan.

Eng katta mukofot ayni damda misrlik terrorist, al-Qoidaning Osama bin Ladendan keyingi yetakchisi Ayman al-Zavohiriyning tutilishi uchun belgilangan – 25 million dollar.

Al-Suriy qatorida Tolibon yetakchisi Mulla Umar va al-Qoidaning Iroqdagi lideri Abu Duo uchun ham 10 million dollar va’da qilingan.

Davlat departamenti terroristlarni ushlashda ko’maklashib, moliyaviy taqdirlangan shaxslarning kim ekanini sir tutadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG