Breaking News

AQSh dunyoda ochlikka qarshi kurash uchun 2,9 milliard dollar ajratadi


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken global oziq-ovqat xavfsizligi sammitida, Nyu-York, 21-sentabr, 2022-yil

BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda boshlangan 77-yillik sammitida ko’plab mavzular qatorida oziq-ovqat xavfsizligi ham muhokama etilyapti. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken shu mavzuga bag’ishlangan sammitda qatnashdi. Prezident Jo Bayden esa dunyo bo’ylab oziq-ovqat xavfsizligi ehtiyojlari uchun 2,9 milliard dollar ajratishga so’z berdi.

Xalqaro hayot - 22-sentabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:58 0:00

BMTning ogohlantirishicha, qurg’oqchilik, oziq-ovqat qimmatlashi, COVID-19 ta’siri, Rossiyaning Ukrainadagi urushi ko’p mamlakatlarda ochlikka yetaklashi mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, dunyo bo’ylab 800 milliondan ziyod odam shu tobda ochlikdan qiynalmoqda. Ya’ni koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri qo’shimcha 150 milliondan ortiq odam.

Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida o’tkazilgan global oziq-ovqat xavfsizligi sammitida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken qatnashib, Qo’shma Shtatlar ochlikka qarshi kurash maqsadida 2,9 milliard dollar ajratishi haqida ma’lum qildi.

Blinken, shuningdek, Turkiya va BMT vositachiligida ukrain g’allasini Qora dengiz portlaridan chiqarib jahon bozoriga eksport qilishga qaratilgan kelishuvni uzaytirishga chaqirdi.

"Moskvadan kelayotgan ayrim noto’g’ri ma’lumotlarga qaramay, g’alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari asosan janubdagi muhtoj mamlakatlarga yetkazilyapti. Kelishuv dunyo bo’ylab oziq-ovqat narxini tushirishga ham yordam berdi”, - deydi Blinken.

Prezident Vladimir Putin oziq-ovqat va o’g’it tanqisligiga G’arbning Rossiyaga qo’ygan sanksiyalari sabab ekanini aytadi, g’alla eksporti bo’yicha kelishuvdan G’arb davlatlari ko’proq foyda ko’rayotganini izohlab, uning uzaytirilishiga qarshi.

Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchesga ko’ra, Putin dunyoni oziq-ovqat bilan shantaj qilmoqchi.

"Vaqt g’animat. Fermerlar o’g’itni o’z vaqtida olmasa, qashshoq va qashshoq bo’lmagan mamlakatlarda vaziyat yomonlashadi. Och qorin bilan quloq tinch bo’lmaydi, tinchliksiz esa ochlikka qarshi kurashish mumkin emas”, - deydi u.

Ukraina Infratuzilma vaziri Oleksandr Kubrakovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Ukrainadan Somali, Efiopiya, Keniya va Afrikaning boshqa mamlakatlariga g’alla eksporti jonlangan.

“Eksport hajmini oshirish biz uchun dolzarb masala. Avgustdagi natijalardan xursandmiz. Salkam besh million tonnasini eksportga chiqarishga muvaffaq bo’ldik. Urushdan oldingi vaziyatga yaqinroq ko’rsatkich bu”, - deydi rasmiy.

Blinkenga ko’ra, Qo’shma Shtatlar uzoq muddatda Afrikada qishloq xo’jaligini rivojlantirishga yordam berishni rejalayapti.

"Ko’p afrikalik hamkasblarimiz favqulodda yordamdan tashqari qishloq xo’jaligi sohasida innovatsiya uchun ko’proq sarmoyaga muhtoj ekanini ham aytishadi. Yaqinda Afrikaning qator mamlakatida bo’lib shunga guvoh bo’ldimki, ularda tizim mavjud, yordam kerak”, - deydi Blinken.

Davlat kotibi avgust oyida Janubiy Afrika, Kongo Demokratik Respublikasi va Ruandaga safar qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG