Breaking News

AQSh Ukrainaga hozircha samolyot bermoqchi emas


AQShda ishlangan F-16 qiruvchi samolyotlari
AQShda ishlangan F-16 qiruvchi samolyotlari

Ukraina o’zini Rossiyadan himoya qilishda G’arbdan qiruvchi samolyotlar olishga ehtiyoji borligini ta’kidlashda davom etayotganiga qaramay, Qo’shma Shtatlar hozircha bunga tayyor emasligini bildirmoqda.

Xalqaro hayot - 27-fevral, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:41 0:00

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi shanba kuni e’lon qilingan sanksiyalarining 10-paketini olqishlagan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy samolyotlar Ukraina g’alabasi uchun muhim ekanini aytmoqda.

“Rus bosqiniga joriy yilda chek qo’yishga qodirmiz”, - dedi u.

Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, AQSh F-16 qiruvchi samolyotlari va uzoq masofaga otuvchi artilleriya tizimlarini Ukrainaga berishni hozirda muhokama qilmayapti.

“Hozirgi bosiqchda quruqlikda manevr qilish salohiyati muhimroqdir. Buning uchun tanklar, zirhli transport vositalari, piyoda askarlarga qarshi jang qiluvchi texnika kerak. F-16 samolyotlari keyinroq ko’rib chiqiladi”, - dedi u.

Ayrim qonunchilar tashabbusni o’z qo’liga olmoqchi.

“Bo’lajak qonun loyihalariga eng muhim qurol tizimlarini kiritib qo’yishimiz mumkin. Kongressdagi har ikki partiya vakillarining yetarlicha bosimi bilan Ukrainaga g’alaba uchun kerakli narsalarni yetkazib berishimiz mumkin”, - deydi respublikachi kongressmen Maykl Makkol.

Respublikachi senator Den Sallivanning aytishicha, AQSh bu ishni yolg’iz qilmasligi, Yevropadagi ittifoqchilar ham o’z hissasini qo’shishi kerak.

“Ular mudofaa uchun yalpi ichki mahsulotining kamida 2 foizini sarflash majburiyatini o’z bo’yniga olgan. NATOdagi ittifoqchilarning aksariyati hozir bunday qilmayapti”, - dedi qonunchi.

Bu o'rtada Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron aprel oyida Pekinga borib, Xitoy taklif etgan tinchlik rejasini muhokama qilmoqchi. AQSh ham Xitoy bilan aloqa kanallarini ochiq ushlab turadi, ammo hozirgi bosqichda Prezident Baydenning Xitoy rahbari bilan uchrashuvi rejalanmagan, deydi Jeyk Sallivan.

Xitoy Kommunistik partiyasining mansabdor vakillaridan biri, sobiq tashqi ishlar vaziri Van Yi yaqinda Xitoy tayyorlagan tinchlik rejasini Ukraina va Rossiya rasmiylariga taqdim etdi. Kiyev rejani qabul qilmasligini bildirdi, Yevropa rasmiylari ham unga shubha bilan qaradi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya tinchlikka qaratilgan har qanday taklifni ko’rib chiqishga tayyor ekanini bildirib, Xitoy rejasi o’rganilayotganini aytdi, ammo shu bilan birga tinchlik uchun sharoit yo’qligiga ishora qilib, maxsus harbiy amaliyot davom ettirilishini bildirdi.

Zelenskiy Xitoyning 12 punktdan iborat tinchlik rejasining ayrim qismlarini Ukrainaga to’g’ri kelganini aytsa-da, uni muhokama qilishdan oldin rus qo’shinlari butun Ukrainadan chiqarilishi kerakligini ta’kidladi. Zelenskiy Xitoy rahbari bilan uchrashish niyati borligini bildirdi, ammo uchrashuv qachon bo’lishini ma’lum qilmadi.

Xitoy o’z tinchlik rejasida G’arb davlatlarini Ukrainani qurol bilan ta’minlashni bas qilishga, Ukrainani esa NATOga a’zo bo’lish niyatidan qaytishga chaqiradi, Rossiya va Ukrainani hech bir shartsiz muzokara boshlashga da’vat etadi.

Arab davlatlari ham mojaroning tezroq tugashi tarafdori. Bugun Kiyevga borgan Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon al-Saud Zelenskiy bilan ko’rishdi. O’tgan yil oktabrida Riyod Ukrainaga gumanitar maqsadlar uchun 400 million dollar berishni va’da qlgan, saudiya valiahd shahzodasining aralashuvi natijasida Ukraina tarafida jang qilib qo’lga tushgan 10 nafar xorijlik sentabr oyida ozod etilgan.

“Saudiya Arabistoni urush muzokara stoli atrofidagi va xalqaro qonunchilik hamda BMT nizomi doirasida muhokamalar orqali tugatilishi kerak degan fikrda. Shunga kelishish maqsadida barcha taraflar bilan muloqot qilishda davom etamiz”, - dedi saudiya vaziri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG