Breaking News

Tramp Yevropa bilan savdo bitimiga erishish harakatida


AQSh Prezidenti Donald Tramp

AQSh-Meksika-Kanada kelishuvi hamda Xitoy bilan dastlabki bosqich bitimiga erishish bo’yicha qo’lga kiritilgan g’alabalar ortidan Prezident Donald Tramp boshqa mamlakatlar bilan ham savdo aloqalarida ustunlikni qo’lga kiritish uchun agressiv harakat boshladi.

Davosda o’tgan Dunyo iqtisodiy forumida Tramp oldindan kelishilgan mavzu – iqlim o’zgarishiga qarshi kurash rejalari haqida gapirmasdan, aksincha, o’z shaxsiy g’oyalarini olg’a surdi. Jahon Savdo tashkiloti rahbari bilan o’tkazilgan kutilmagan uchrashuv ham shu maqsadda o’tkazildi.

Jahon Savdo tashkiloti so’nggi yillarda ichki kelishmovchiliklar tufayli samarali faoliyat olib bora olmayapti. Yil boshida Tramp ma’muriyati savdo kelishmovchiliklarini ko’rib chiquvchi sudyalarning tayinlanishiga to’siq qo’yishi ortidan tashkilot ishi yanada falajlandi.

Tramp 22-yanvar kuni Davosda Jahon Savdo tashkiloti direktori Roberto Azevedo bilan oldindan rejalanmagan uchrashuv o’tkazdi. Muloqot ortidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Tramp tashkilotni isloh qilish bo’yicha gaplashganini aytdi.

Azevedo aynan qanday o’zgarishlar haqida gap borganiga aniqlik kiritmadi, ammo 21-asrdagi o’zgarishlarga tayyor turish uchun kerakli ishlarni amalga oshirish zaruriyati borligini tan oldi.

Davosdagi yetakchilar bilan uchrashuvda Tramp Xitoy va Shimoliy Amerika bo’yicha erishilgan bitimlarni 21-asr kelishuvlari uchun namuna deb atadi.

AQSh rahbari shu paytgacha erishgan kelishuvlar ikki tomonlama yoki uch tomonlama bitimlarga asoslangan. Yevropa va Osiyo davlatlari bilan bunday muloqot olib borish oson bo’lmaydi, deydi kuzatuvchilar.

“Mening taxminimcha, Trampning savdo siyosatida e’tibor 2020-yil Yevropaga qaratiladi”, - deydi Xalqaro iqtisodiyot bo’yicha Piterson instituti tadqiqotchisi Geri Xafbauer.

Ammo Yevropa bilan muzokara qilish Tramp shu paytgacha uddasidan chiqqan bitimlardan farq qiladi, chunki Yevropada savdo shartlari individual davlatlar tomonidan emas, balki, asosan, Yevropa Ittifoqi tomonidan nazorat qilinadi.

“Yevropada hech kim Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe yoki Xitoy Prezidenti Si Zinpindek vakolatga ega emas. Yevropada davlatlar biror savdo muzokarasini boshlashdan oldin, avvalo, shu muzokaraga kirishishga kelishib olishlari kerak”, - deydi Xafbauer.

Vashington Xitoy bilan yuz bergan savdo urushi asoratlarini haligacha his qilayotgan bir paytda Trampning tarif qo’llash tahdidi ham AQSh, ham Yevropa iqtisodiyoti uchun katta zarar yetkazishi tayin.

Ammo Tramning o’jarligi ish berishi ham mumkin. Masalan, yaqinda Fransiya Tramp tahdidi ortidan, asosan, AQSh kompaniyalarini nishonga oluvchi internet xizmatlari solig’ini joriy qilishni ortga surdi. Agar bu soliq joriy qilinsa, AQSh Fransiya mahsulotlariga boj qo’yishi haqida ogohlantirgan edi.

Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etish arafasida ekan, Tramp bu davlat bilan ham ikki tomonlama savdo kelishuviga erishish harakatiga tushgan.

Prezident Tramp va Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bunday bitimga erishish uchun tayyor ekanini bildirgan, ammo ayrim sohalarda, xususan, AQSh qishloq xo’jaligi mahsulotlarini import qilishda London bilan muzokara qiyin kechishi kutilmoqda. Chunki xlorli suv bilan tozalangan tovuq go’shti kabi mahsulotlarning Yevropaga kiritilishi taqiqlangan.

“Britaniya katta iqtisodiyot va AQSh ham juda ulkan mamlakat. O’zaro kelishish lozim bo’lgan masalalar ko’p. Birlashgan Qirollik bilan bitim Kongress tomonidan ham ratifikatsiya qilinishi kerak. Shu bois AQSh-Britaniya savdo kelishuvining 2020-yilda tuzilishi ehtimoli juda kam”, - deydi Xafbauer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG