Breaking News

AQSh Iroq va Afg'onistonda qo'shinlarini kamaytirmoqchi


AQSh Prezidenti Donald Tramp Iroq va Afg’onistondagi amerikalik qo’shinlar sonini yanvar o’rtasigacha qisqartirishga qaror qildi. Har ikki mamlakatda 2500 tadan harbiy qoladi. Ayni paytda Afg’onistonda 4500, Iroqda esa 3000 askar bor.

Xalqaro hayot - 19-noyabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:07 0:00

Yil boshida Trampning Suriyada ham askarlar sonini kamaytirish buyrug’i ketidan qo’shinlarning yarmi mamlakatni tark etgan.

Xabarlarga ko’ra, AQSh sobiq mudofaa vaziri Mark Esper Afg’onistonda qo’shinlar sonini shu tobda qisqartirish rejasiga qarshi chiqqani uchun Tramp uni 10 kun oldin ishdan olgan. Milliy aksil-terror markazi direktori Kristofer Millerga Mudofaa vazirligini boshqarish buyurilgan.

Germaniya nazarida, AQSh Afg’oniston hukumati va Tolibon o’rtasidagi tinchlik muzokaralari ijobiy yakunlanganidan so’nggina qo’shinlarini chiqarsa maqsadga muvofiq bo’lardi.

“AQSh bayonotining tinchlik muzokaralariga qanday ta’sir qilishidan xavotirdamiz. O’nlab yillik mojarodan so’ng tomonlar nihoyat muzokara stoli atrofida o’tiribdi va konstruktiv muloqot olib bormoqda. Oldinda hali ko’p so’qmoqlar va qiyinchiliklar bor ekan, o’zimizni qo’shimcha muammolar bilan yuzlashtirmasligimiz kerak. Qo’shinlarni shosha-pisha Afg’onistondan chiqarish ana shunday muammolardan biri”, - dedi Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas.

Germaniyaning Afg’onistonda 1300 ga yaqin askari bor.

Tolibon Afg’oniston hukumati vakillari bilan Qatarda muzokara qilayotganiga qaramay, mamlakatda zo’ravonliklar kuchaymoqda. Bugun Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani Kobulda Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi. Bu Imron Xonning Afg’onistonga ilk tashrifi.

Ikki rahbar Trampning qo’shinlarni qisqartirish qarorini tilga olmadi, zo’ravonliklar avj olayotganidan xavotir bildirdi.

“Afg’onistonga aynan hozir kelishimdan maqsad Pokiston zo’ravonliklarni pasaytirish, sulhni amalga oshirish yo’lida yordam berishga tayyor ekaniga sizni ishontirishdir”, - dedi Imron Xon.

Afg’oniston mudofaa vaziri lavozimini vaqtincha bajarayotgan Asadulla Xolid Amerikaning qo’shinlari sonini qisqartirish rejasidan xavotirda emasligini aytdi.

“Hozircha hech kim hech qayerga ketayotgani yo’q. Qo’shinlar miqdori tushib-chiqishi mumkin. Bundan xavotirda emasmiz, chunki Afg’onistonni o’z kuchimiz bilan himoya qilishga tayyormiz”, - dedi u.

Oddiy kobulliklarning bu masalada fikri bo’lingan ko’rinadi:

"Amerika Afg’onistonga kelishuv asosida keldi va kelishuv asosida bu yerdan ketyapti. Ochig’i, xavfsizlikni ta’minlash, terrorizmni yo’q qilish bobida amerikalik askarlardan bir foyda ko’rmadik”, - deydi Sanaulla Badaxshi ismli bir afg'on.

“Shunday muhim bir paytda ular bizni tashlab ketmoqda. Bundan na Afg’oniston xalqiga, na Amerikaga foyda. Axir xalqaro terrorizm dunyoning hamma joyida ildiz otgan”, - deydi Said Musa ismli kobullik talaba.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG