Breaking News

Nogironlar manfaatini ko'zlovchi xalqaro hujjat Kongressdan o'tmayapti


BMT majlisida olingan surat
BMT majlisida olingan surat
Oq uy BMTning imkoniyati cheklangan insonlar manfaatlarini ko’zlovchi konvensiyasini ratifikatsiya qilish harakatlarini kuchaytirgan. Ikki yildirki, bu hujjat Kongress tasdig’idan o‘tmayapti. Nima uchun?

AQSh-BMT-Nogironlar-Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:29 0:00
Yuklab oling

Jorj Axmeteli Nyu-York shahrida norozilik namoyishi uyushtirgan faollardan biri. Yura olmaydi, aravachada harakat qiladi.

32 yoshli bu kishi asli Gruziyadan. Tbilisida katta bo’lgan. U yerdagi sharoitni shunday izohlaydi:

“Bilasizmi, Gruziyada nogironlar ko’chaga chiqmaydi. Bir oy, hatto bir yil yurib ham ularni ko’rmaysiz. Chunki tashqariga chiqishmaydi... Chunki harakat qilish qiyin. Ular uchun na transport, na maxsus sharoit bor. Ko’chalar ularga mo’ljallanmagan. Odamlar nazarida ham ular invalidlar, hech narsaga yaramaydi. Kamsitishadi ularni”.

Amerikadek erkin diyorda, deydi u, BMTning bu boradagi konvensiyasi tasdiqlanmayotgani uyat. Axir bu hujjat imkoniyati cheklangan odamlar bilim olishi, tibbiy yordam ko’rsatilishi va ishlay olishi uchun zamin yaratadi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri uni darhol ratifikatsiya qilish lozim degan fikrda.

“Fuqarolarimiz uchun imkoniyatlar kengayadi va Amerika bu bilan oldinga siljiydi”,- deydi u.

Lekin respublikachi senator Bob Korker singari qonunchilar, Kongress a’zolari, nazarida BMT AQShga bosim o’tkazishga urinmoqda. AQSh konstitutsiyasi har bir fuqaroga zarur imkoniyat yaratilishini talab qiladi, boshqa qonunlar ham bor. Shunday ekan, BMTning maxsus hujjatiga amal qilishga hojat yo’q, deydi u.

Ted Bromund, konservativ siyosiy tahlilchi, BMT konvensiyalariga ko’pchilik davlatlar amal qilmaydi, bu hujjatlardan foyda yo’q, deydi.

150 dan ortiq mamlakatda ratifikatsiya qilingan, ammo hukumatlar o’z bo’yniga olgan burchlarni ko’p hollarda bajarmaydi.

Masalan Rossiyada, millionlab invalidlar bor va ular uchun sharoit yaratilmagan, deya bildiradi huquq tashkilotlari. Hatto nogironlarning aravasini topish amri mahol.

Davlat departamenti rasmiysi Judit Xoman deydiki, Kongress bu zarur hujjatni tasdiqlamayotgani bag’oyat salbiy hol.

“Biz bu borada dunyoga namuna bo’lishimiz, imkoniyati cheklangan odamlarga yordamni oshirib, insonni qadrlashimizni ko’rsatishimiz kerak. Aks holda boshqa davlatlar va ayniqsa fuqaro jamiyati bizga shubha bilan qaraydi va ishonchi pasayadi”.

Qizig’i shundaki, deydi BMT rasmiylari, konvensiyaning matni ko’p jihatdan AQShda 20 yil oldin qabul qilingan va nogironlarni kamsitmaslikni talab qilib, ular uchun ishlash, bemalol harakatlanish va zarur xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kafolatlaydigan qonunga asoslangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG