Prezident Donald Trampning tashqi yordam va diplomatiya uchun mablag'ni 28 foizga qisqartirish rejasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti uchun yomon xabar. Chunki bu xalqaro tashkilot va uning agentliklari byudjeti ham qisqarishidan darak beradi. Xalqaro mojarolar kuchaygan va BMT ko'proq moliyavy yordamga muhtoj bo'lib turgan bir paytda bu o'zgarishlarning oqibati yaxshi bo'lmaydi, deydi kuzatuvchilar.

BMTning moliyaviy ahvoli yaxshi emas.

"Tarixning muhim pallasida turibmiz. Yil boshidayoq BMT tashkil topgandan beri eng katta gumanitar inqiroz bilan yuzlashyapmiz. To'rt mamlakat bo'ylab 20 milliondan ortiq odam ochlik va qahatchilikka duchor bo'lmoqda. Birgalikda harakat qilmasak, odamlar ochlikdan o'ladi", - deydi BMT rasmiysi Stiven Obrayn.

AQSh BMTning eng katta donori. 2,5 milliard dollarlik tashkilot byudjetining 611 millioni bu yil Vashingtondan keladi. Bundan tashqari, Amerika har yili BMTning tinchlikparvar missiyalariga 2 milliard dollardan ortiq mablag' ajratadi. UNISEF va Oziq-ovqat dasturi kabi agentlik va loyihalarga yana yuzlab million dollar beradi.

"Yaxshiroq dunyo" kampaniyasi vakili Piter Yeo bilan shu haqda gaplashdik.

"BMT xarajatlarining 22 foizini biz to'laymiz. Boshqa davlatlar 78 foizini qoplaydi. Amerika soliqchilari uchun bu aslida yaxshi", - deydi u.

Rasmiylar va kuzatuvchilarning xavotir olishicha, agar AQSh moliyaviy yordamni kamaytirsa, boshqalar bu bo'shliqni yetarli darajada to'ldira olmasligi mumkin.

"Yordamning keskin kesilishi maxsus choralar ko'rishni taqozo etib, natijada uzoq muddatli islohot rejalariga putur yetadi", - deydi BMT so'zlovchisi Stefan Dujarik

AQShning byudjet bo'yicha rasmiysi Mik Malveyni salbiy oqibatlar haqidagi xavotirlarni e'tiborsiz qoldirdi.

"BMT va boshqa turli yordam dasturlari, xususan, BMT va boshqa agentliklar yuritadigan loyihalarga yordamni shak-shubhasiz qisqartiryapmiz. Bu hech kimni ajablantirmasligi kerak. Prezident saylov paytida bu haqda yuz marta aytgan. Chet eldagi odamlarga kamroq, o'zimizning odamlarga ko'proq pul sarflashini ta'kidlagan. Yangi byudjetda biz xuddi shuni qilyapmiz", - dedi u.

Xalqaro taraqqiyot va gumanitar yordam uzoq yillar AQSh tashqi siyosatining asosiy ustunlaridan biri bo'lgan. Bu narsa o'zgarmasligi kerak, deydi Piter Yeo.

"Faol va global lider bo'lib qolishimiz kerak. Dunyo bo'ylab gumanitar yordamga muhtoj odamlarga ko'mak ko'rsatishda davom etishimiz lozim", - deydi u.

Faolga ko'ra, Kongress buni tushunadi va yordam dasturlarining qisqarishiga qarshilik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG