Breaking News

AQSh Maduro joniga suiqasd harakatida qo'li borligini inkor etmoqda


AQSh Prezidenti Donald Trampning xavfsizlik masalalari bo’yicha maslahatchisi Jon Bolton Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroga qilingan suiqasd hujumida Qo’shma Shtatlarning qo’li yo’qligini ta’kidlamoqda.

Shanba kuni Venesuela poytaxti Karakasda Maduro nutq qilayotgan payt ikki dronga o’rnatilgan bomba portlagan. Boltonning aytishicha, Karakas Vashingtonni ayblashdan oldin dalil taqdim etishi kerak. Suiqasd hujumi ketidan bir necha odam hibsga olingan.

Venesuela Mudofaa vaziri Vladimir Padrinoning aytishicha, Prezident Maduro joniga suiqasd harakati o’ta xavfli vaziyatni keltirib chiqardi.

Maduro hujumda Kolumbiya Prezidenti Xuan Manuel Santos va floridalik bankirlar qo’llab-quvvatlayotgan ultra o’ng qanot guruhlarni aybladi. Kolumbiya Tashqi ishlar vazirligi ayblovlarni asossiz deb atadi. Qo’shma Shtatlar ham isbot talab qilmoqda.

“Agar bizga aniq dalil berishsa, uni ko’rib chiqamiz. Ayblovlar asosli bo’lsa, bu ishga qo’l urganlar AQSh jinoiy kodeksini buzgan bo’ladi, jiddiy yondashamiz. Biroq ayni damda Maduro rejimining xalqqa zug’umi va bu mamlakatda korrupsiyaga diqqatni qaratishimiz kerak”, - deydi Bolton.

Maduro hokimiyatga 2013-yilda kelgan, shu yil mayida esa qayta saylandi. Tanqidchilariga ko’ra, Maduro muxolifatga saylovga tayyorlanishga yetarlicha vaqt bermadi. So’nggi oylarda mamlakat iqtisodiyoti tushkunlikka tushgan, Maduro hukumatini korrupsiyada ayblashadi. Uning tanqidchilari qamoqda yoki mamlakatni tashlab chiqishga majbur bo’lgan.

Shanba kungi xurujdan oldin Venesuela sobiq bosh prokurori Luiza Ortega Kolumbiyada o’tgan ramziy sudda Maduroga qarshi ayblovlarni taqdim etdi.

“Nikolas Maduro davlat mulkini o’zlashtirgan, poraxo’r. Unga qarshi ish ochdik”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG