Breaking News

AQShning nogiron harbiylari va faxriylari uchun zamonaviy protezlar


AQShda protezlash sohasidagi texnologik taraqqiyot so’nggi 20 yilda ko’plab nogiron harbiylar hayotini yengillashtirdi.

AQShning nogiron harbiylari va faxriylari uchun zamonaviy protezlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:40 0:00

AQShning Faxriylar ishlari bo’yicha vazirligiga ko’ra, 2000-yildan beri 250 mingdan ortiq urush faxriysining kamida bir oyog’i yoki bir qo’li amputatsiya qilingan, aksariyati diabet kabi kasalliklar natijasida.

Eng oxirgi texnologik yutuqlar protez qo’l va oyoqlarni mukammal tarzda ishlab chiqishga imkon berdi. Bunday innovatsiyadan nafaqat faxriylar, balki noharbiylar ham manfaatdor bo’lyapti.

Sun’iy qo’l yoki oyoqni badanga biriktirishning bir usuli osteointegratsiya deb ataladi. Bir parcha metal tananing amputatsiya qilingan qismining uchiga o’rnatilib, unga protez kiyiladi. Bu murakkab amaliyot bo’lib, infeksiyalanish yoki suyakning sinish xavfi bilan bog’liq.

“Faxriylar va harbiylarimizga yaxshi xizmat qiladigan mahsulot ishlab chiqarish uchun ko’p izlanishlar olib borilmoqda”, - deydi vazirlik rasmiysi Brayan Shuls.

Zamonaviy protezlar harakatlanadigan va aylanadigan sun’iy barmoq va bilak vazifasini ham o’taydi.

“Protez qo’llar bir vaqtlar ilgakka o’xshardi, ochilib, yopilardi, xolos, vazifasi ham bitta edi”, - deydi Shuls.

Harbiy xizmat paytida qo’lidan ayrilgan ikki faxriyga 2017-yilda yelka va qo’lning tabiiy harakatlanishini o’xshatadigan ancha ilg’or protez o’rnatildi.

“Protezdan oldin o’zimni yarim insondek his qilardim. Hozir esa ilgari qila olmagan ancha ishlarni bajarishga muvaffaq bo’yapman”, - deydi ulardan biri Arti Makoli.

3D printerlar ham mukammallashib, turli xildagi maxsus protezlarni yasash osonlashmoqda.

“Faxriy ayollar uchun ham baland poshnali, ham poshnasiz poyabzal kiyish imkonini beradigan protezlar chiqarilmoqda. Ularni ikkinchi oyoqqa moslab 3D printerdan chiqarsa bo’ladi”, - deydi Faxriylar ishlari bo’yicha vazirlik muttasadisi.

Tadqiqotchilar mavjud nervlardan foydalanib, amputantlarning proteziga miya buyruqlariga javob berishda ko’maklashish, mushaklarni harakatga keltirish, protez qo’l yoki oyoqni yaxshiroq boshqarish kabilar ustida ham izlanmoqda.

“Bu borada ko’p ishlar qilinmoqda”, - deydi Brayan Shuls.

Uning aytishicha, protezlarni rivojlantirishda texnologiya taraqqiylashishda davom etmoqda.

“Hozirgi protezlar yaxshidek ko’rinishi mumkin, lekin kelasi bir necha yilda ular yanada mukammallashadi”, - deydi Shuls.

Bu esa juda ko’plab insonlar hayotini yaxshilashga yordam beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG